Sirdaryo viloyati Guliston shahrida “Ma’rifatli jamiyatni ma’rifatli oilalarsiz qurib bo‘lmaydi” shiori ostida "Oqila ayollar" yetakchilarining viloyat forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Mavluda Nizomova, “Oqila ayollar” harakati a’zolari, mahalla xotin-qizlar faollari ishtirok etdi.

Forumda harakatning asosiy vazifalari, mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish choralari yuzasidan fikr almashildi. Eng faol ayollar tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

– Oila jamiyat poydevori. Uning mustahkamligida oqila ayollarning o‘rni beqiyos. Ular nafaqat targ‘ibotchi, balki jamiyatdagi islohotlarimizni hayotga joriy etishda muhim kuch hisoblanadi, – dedi Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi rahbari Nargiza Tojiboyeva. – Har bir mahallada faol ayollarimiz orqali tinchlik, hamjihatlik muhiti mustahkamlanmoqda.
Sirdaryo viloyati tadbirkorlar va hunarmandlar markazida mahalliy tadbirkor va hunarmand ayollarning san’at asarlari va mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri