Jizzax politexnika institutida “INNOWOMENWEEK” haftaligi doirasida “Ayol, biznes, innovatsiya” mavzusidagi seminar hamda 11 oktyabr – Xalqaro qizlar kuni oldidan “Ayollar biznesiga bir qadam” biznes-treninggi o‘tkazildi.
Tadbirlar Oila va xotin-qizlar, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar Jizzax viloyat boshqarmalari hamda Jizzax politexnika instituti hamkorligida amalga oshirildi.
Dastlab “Hududning 100 nafar tadbirkor ayoli” deb nomlangan, ular o‘z korxona, firma va sexlarida ishlab chiqargan va tayyorlagan mahsulotlar hamda “100 nafar ixtirochi ayol” ixtiro qilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi namoyish etildi.
Shundan so‘ng haftalik doirasida “Ayol, biznes, innovatsiya” seminari hamda “Ayollar biznesiga bir qadam” biznes-treninggi bo‘lib o‘tdi.
Ishtirokchilar oliy o‘quv yurti proffessor-o‘qituvchi ayollari hamda jamiyatda tashabbuslari va yangi ish o‘rinlari, yangi mahsulotlari bilan o‘z o‘rnini topgan tadbirkor ayollarning qiziqarli ma’ruzalarini diqqat bilan tinglashdi.
[gallery-19650]
– Men O‘zbekiston Milliy universiteti Jizzax filiali 2-bosqich talabasiman, – deydi “Mirzo Ulug‘bek vorislari” respublika ko‘rik-tanlovi ishtirokchisi, talaba Farangiz Mamatqulova. – Hozir asosan xotin-qizlarimiz foydalanayotgan kimyoviy gelning inson terisi uchun zararini bilmaydigan kishini tassavvur qila olmayman. Bugungi ko‘rgazmaga ustozim Sayyora Murodova boshchiligida ixtiro qilingan oshxona idish-tovoqlarini yuvishda foydalaniladigan, mutlaqo zararsiz vosita, ya’ni biologik toza gel mahsuloti bilan ishtirok etayapman. Ushbu kimyoviy gel yuvish vositasidan foydalanilganidan keyin idishlar kamida yarim soat davomida iliq suvda yaxshilab chayilmasdan foydalanilsa, oshqozon yaralari keltirib chiqarish xavfi paydo bo‘ladi. Shundan kelib chiqib, inson salomatligi uchun mutlaqo xavfsiz yuvish vositasini ixtiro qilish g‘oyasi tug‘ildi. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda iste’mol qilingan ho‘l meva mahsulotlarining qoldiqlari 30 foiz holatda tashlab yuborilar ekan. Ushbu loyihamizni amalga oshirish uchun ana shu vitaminlarga boy bo‘lgan meva chiqindilaridan foydali germentlarni olib, biologik tozalovchi vositani yaratdik. Ushbu vositamizning tarkibida hech qanday kimyoviy modda yo‘q va u inson salomatligi uchun mutlaqo zararsiz. Ushbu loyihamizga patent olsak, uni ishlab chiqarishga keng joriy etib, nafaqat ayollarimiz, balki butun oila sog‘ligini saqlagan bo‘lardik.
Ochiq muloqot va suhbat tarzida o‘tgan tadbirlar davomida eng faol ishtirokchilar shu yo‘nalishlarga oid turli ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etish huquqini beruvchi sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Seminar va trening yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar oldi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari