Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida “Ayol, biznes va innovatsiya” respublika forumi tashkil etildi.
Prezidentimizning 2023 yil 21 dekabrdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlarning qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy-siyosiy faolligini va bandligini oshirish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish hamda teng huquqliligini ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning 20-bandiga muvofiq 11 fevral – Xalqaro ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar kuni munosabati bilan “Ilmli ayol – jamiyat ko‘zgusi” mavzusida haftalik o‘tkazilmoqda.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda mazkur haftalik tadbirlarini yuksak saviyada o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Haftalik doirasidagi tadbirlarda xotin-qizlarni ilm-fanga tobora ko‘proq jalb etish, ularning ilmiy tadqiqotlarini qo‘llab-quvvatlash, yosh olimalarni to‘g‘ri yo‘naltirish masalalariga ahamiyat qaratilmoqda.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida tashkil etilgan “Ayol, biznes va innovatsiya” respublika forumi doirasida universitetda qator uchrashuvlar, davra suhbatlari, tadbirlar tashkil etildi.
Forumning asosiy maqsadi yosh olimalarning innovatsion faoliyati natijalarini e’tirof etish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ilmiy izlanishlari uchun zarur ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarni yaratib berish hamda salohiyatli yoshlarni ilm-fanga keng jalb etish hisoblanadi.
Mazkur forumda mamlakatimizda boshqaruv sohasida ilg‘or olima rahbar ayollar, ilmiy-innovatsion jarayonlarda o‘zining jonbozligini ko‘rsatib kelayotgan professor-o‘qituvchilar, ilm-fanga, biznes-tadbirkorlikka ishtiyoqi baland bo‘lgan talabalar ishtirok etdi.
Forumda oliy ta’lim muassasalaridagi ayol-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini yanada oshirish, amaldagi ko‘rsatkichlarni yaxshilash, professor-o‘qituvchilar tarkibida ayollar ulushini ko‘paytirish xamda talaba-qizlarni ijtimoiy, ilmiy-tadqiqot, biznes yo‘nalishlari bo‘yicha identifikatsiya qilish, o‘qitish va malakasini oshirishga asosiy e’tibor qaratildi. Talaba, magistr va doktorant qizlar orasida universitetning ijobiy timsolini shakllantirish, ularning manfaatlarini himoya qilish, intellektual salohiyatini to‘liq namoyon etishi, jamiyatda munosib o‘rin egallashlari uchun sharoitlar yaratib berishga ko‘maklashish xususida batafsil so‘z yuritildi.
Shu bilan birga, ilm-fanda ayollarning rolini yanada oshirish bo‘yicha amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
N.Usmonova, O‘zA