French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayol arzini shunchaki tinglab bo‘lmaydi
11:05 / 2021-03-15

Bu hayotda inson turli sinovlarga duch kelishi mumkin. Kimdir ishsizlikdan, yana kimdir esa aniq daromad manbai topolmasdan yoki boshqa masalada qiyin vaziyatga tushib qoladi.

Afsuski, ular orasida ko‘plab xotin-qizlar ham bor. bugungi kunda ularning muammolarini o‘rganish va manzilli hal qilish maqsadida “Ayollar daftari” joriy etilgani minglab xotin-qizlarni hayotdan rozi qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.  

Farg‘ona viloyatida mazkur daftarga 9 ta mezon asosida 47 ming 554 nafar xotin-qiz kiritilib, elektron baza shakllantirildi. Ayni kunlarda ularni ish bilan ta’minlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, tibbiy va psixologik yordam qamrovini kengaytirish borasida muayyan ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, bu xotin-qizlarga huquqiy maslahatlar berish ham tizimli yo‘lga qo‘yildi.  

Viloyatda faoliyat yuritayotgan sudyalarning bir guruhi tomonidan Yozyovon tumanida “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga huquqiy maslahatlar berish maqsadida sayyor qabul tashkil etildi.

Qabul davomida jinoyat ishlari bo‘yicha Yozyovon tuman sudining raisi R.Arapov, fuqarolik ishlari bo‘yicha Marg‘ilon tumanlararo sudining sudyasi X.Hakimov, Marg‘ilon tumanlararo iqtisodiy sudining raisi A.Akbarov murojaat qilgan 29 nafar ayolga o‘ylantirayotgan masalalar yuzasidan huquqiy maslahatlar berdi. Murojaatlarning aksariyatini meros, aliment undirish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish tartibi kabilar tashkil qildi.

– 3-4 yil avval o‘zimiz arz qilib borsak ham arzimiz eshitilmas, eshitilsa ham shunchaki edi, – deydi “Ayollar daftari”da turuvchi, 2-guruh nogironi F.Bolqonovaning onasi Tillaxon Buvayeva. – Bugun rahbarlar, sudyalar o‘zi borib ayol arzini tinglamoqda va unga ko‘maklashmoqda. Men bugungi qabul davomida davlatning xalqchil siyosatini yuragimdan his qildim.

M. Sulaymonov, O‘zA