“Olmaliq KMK”AJda “Ayol – adolat va taraqqiyot timsoli” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
“Adolat” SDP hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mehmonlar dastlab 3-Mis boyitish fabrikasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Qayd etilganidek, mazkur majmua jahonning ilg‘or texnologiyalari va yuqori sifat standartlari asosida barpo etilgan bo‘lib, mamlakatimiz sanoat quvvatini yangi bosqichga olib chiqdi.
Ma’lumki, 2021-yil 29-iyul kuni davlatimiz rahbari kombinat negizida rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni kengaytirish ishlari bilan tanishib, “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish doirasida ushbu yangi quvvatga tamal toshini qo‘ygandi. Yiliga 60 million tonna ma’danni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan fabrika Markaziy Osiyodagi eng yirik mis ishlab chiqaruvchi majmualardan biriga aylanish salohiyatiga ega.
Qolaversa, bir yilda 900 ming tonnaga yaqin mis konsentrati ishlab chiqarish ko‘rsatkichi mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish, mahalliy ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish va milliy iqtisodiyotda “mis klasteri”ni tizimli rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Bu raqamlar ortida minglab mutaxassislar mehnati, muhandislik salohiyati va, eng muhimi, ayollarning sanoatdagi munosib ishtiroki mujassam.
Tadbir doirasida “Adolat” SDP siyosiy kengashi raisi Robaxon Mahmudova boshchiligidagi ishchi guruh kombinat huzuridagi futbol akademiyasi faoliyati bilan ham tanishdi. 210 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy binoda yosh futbolchilar uchun barcha sharoit yaratilgan. Xususan, yotoqxona, oshxona, tibbiyot xonalari va ta’lim sinflari mavjud. Bu yerda 7 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan yoshlar nafaqat sport mahoratini oshiradi, balki ingliz tilini o‘rganadi, nazariy bilimlarini mustahkamlaydi va o‘yinlarning videotahlili orqali tahlil qilish ko‘nikmasini shakllantiradi. 25 nafar tajribali murabbiy zamonaviy metodologiyalar asosida mashg‘ulot olib boradi.
E’tiborlisi, mazkur akademiya yotoqxona tizimiga ega bo‘lgan mamlakatimizdagi sanoqli sport ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Bu esa sanoat korxonasining ijtimoiy mas’uliyati faqat ishlab chiqarish bilan cheklanmasdan, kelajak avlodni tarbiyalashga ham qaratilganini ko‘rsatadi.
Kunning ikkinchi yarmida partiya faollari Mis eritish zavodida mehnat qilayotgan xotin-qizlar bilan uchrashdi. Muloqotda ayollarning ijtimoiy manfaatlarini ta’minlash, munosib mehnat sharoiti yaratish, barqaror ish o‘rni va kasbiy o‘sish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, xotin-qizlarning iqtisodiyotning yirik tarmoqlaridagi ishtiroki nafaqat ishlab chiqarish samaradorligini oshiradi, balki jamiyatda ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlaydi.
Partiyaning Saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar ijrosida sanoat korxonalari bilan hamkorlikni kuchaytirish muhim omil sifatida qayd etildi. Partiya siyosiy kengashi raisi R.Mahmudova so‘zga chiqib, ayollarning iqtisodiy mustaqilligi, kasbiy o‘sishi davlat va jamiyat taraqqiyotining asosiy sharti ekanini ta’kidladi.
– Ayol mehnat qilsa, jamiyatga qo‘shilsa, o‘ziga ishonchi ortadi, oilasi barqaror bo‘ladi, – dedi partiya yetakchisi o‘z so‘zida. – Oila barqarorligi esa jamiyat mustahkamligi kafolatidir. “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” bilan uzoq yillardan beri yaqindan hamkorlik qilishimiz bejiz emas. Buning muhim sabablaridan biri 35 ming nafardan ortiq xodim mehnat qilayotgan ulkan jamoada sizlar kabi zamonamiz to‘marislari ham ko‘pchilikni tashkil etishidir. Partiyamiz bunday murakkab va mas’uliyatli sohada mehnat qilayotgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashni o‘zining asosiy vazifasi, deb biladi.
Tadbir yakunida 50 nafar faol xotin-qizlar partiya a’zoligiga qabul qilindi va korxonada boshlang‘ich partiya tashkiloti tuzildi.
A. Musayev, O‘zA