French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayni paytda mamlakatimizning ayrim hududlarda noqulay tabiat hodisasi kuzatilmoqda
16:54 / 2021-12-21

Gidrometeorologiya xizmati 21 dekabr, ya’ni bugun shamol tezligi ba’zi joylarda 25-28 metr/sekundgacha kuchayib, Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida va respublikaning cho‘l hududlarida chang bo‘roni va g‘uborlar ko‘tarilishi mumkinligini prognoz qilgan edi. Ayni paytda mamlakatimizning ayrim hududlarda ushbu tabiat hodisasi kuzatilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining ta’kidlashicha, vazirlik tomonidan aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun barcha zarur choralar ko‘rilgan. Jumladan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududlardagi 13 ta filiali hamda 179 ta aholi punktida joylashgan subfiliallari domiy shay holatda.

Bundan tashqari, mamlakatimiz bo‘ylab 2 ming 861 ta tez tibbiy yordam brigadasi zarur dori-darmonlar bilan yetarli miqdorda to‘liq ta’minlangan. Shoshilinch va tez tibbiy yordam tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan qariyb 17 ming nafarga yaqin  shifokor va 52  ming nafardan ziyod hamshiralarga zarur ko‘rsatmalar berilgan.

Qolaversa, aholi Sog‘liqni saqlash vazirligining "1003" qisqa raqamli  Sall-markazi malakali mutaxassislaridan changli havodan qanday himoyalanish bo‘yicha tunu kun kerakli maslahat va tavsiyalar olishlari mumkin.

Xususan,  bunday vaziyatda nafas yo‘li surunkali kasalliklari bor yurtdoshlarimiz changli havoda tashqariga chiqmasliklari tavsiya qilinadi.

Xona yoki inshootlarni nam latta bilan tozalab turish, uy yoki bino ichiga, atrofiga suv solingan idishlar qo‘yish chang darajasini pasaytirishga xizmat qiladi. Qolaversa, bunday vaziyatda nam sochiqlarni osib qo‘yish, konditsioner va havoni tozalash tizimlari ham asqatadi.

Derazalarni yopiq holda saqlash, ko‘proq suv ichish, tez-tez dush qabul qilish nafas olishni yengillashtiradi. Og‘iz va burun bo‘shlig‘ini tuzli eritma bilan yuvib turish ham katta samara beradi. Ochiq havoda yurganda, albatta, tibbiy niqob taqib yurish va ularni har ikki soatda almashtirish shart. Yosh bolalar, homilador ayollar va yoshi katta insonlar ham bunday vaziyatda ehtiyotkor bo‘lishlari tavsiya etiladi.

Agar yurtdoshlarimizda tashqi muhitdagi changlar tufayli nafas qisishi, burun bitishi, aksirish, burun oqishi, ko‘zlarda qichishish va qizarish, tomoqda kuchli qichishish, qichishish bilan kuzatiladigan yo‘tal belgilari yuzaga kelsa, tezda oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinikalarga murojaat qilishlari lozim.

 

O‘zA