Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayni paytda mamlakatimizda 148,6 ming gektar tokzor mavjud
17:04 / 2017-12-07

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida bog‘dorchilik va uzumchilikni rivojlantirish, sohada yangi, istiqbolli navlarni yaratish, qayta ishlash va uning eksportini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida bog‘dorchilik va uzumchilikni rivojlantirish, sohada yangi, istiqbolli navlarni yaratish, qayta ishlash va uning eksportini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 9-oktabrdagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni soha rivojida muhim omil bo‘lmoqda.

Yurtimizda bog‘dorchilik qishloq xo‘jaligining serdaromad tarmog‘i bo‘lib, serquyosh zaminimizda yetishtirilgan meva va uzumlar mazasi, xushta’mligi va shifobaxshligi bilan mashhur.

– Dunyoda uzumning to‘rt mingga yaqin navi mavjud bo‘lib, yurtimizda uning 400 ga yaqini parvarishlanadi, – deydi Toshkent davlat agrar universitetining meva-sabzavotchilik va uzumchilik fakulteti o‘qituvchisi, professor Nargiza Norqobulova. – Ayni paytda mamlakatimizda 148,6 ming gektar tokzor mavjud. Ularning 97,4 ming gektari fermer xo‘jaliklari va 51,2 ming gektari aholi tomorqasida parvarishlanmoqda. Toshkent viloyati “Nimrang”, “Pushti toifi”, “Husai?ni”, “Rizamat ota” va shu kabi ko‘plab uzum navlari parvarishi uchun g‘oyat qulay. Tog‘oldi hududlarda vino mahsulotlarini tayye?rlash uchun ishlatiladigan mahalliy “Och-qizil Parkent” va “Soyaki” navlari ekiladi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, uzumni muntazam iste’mol qilish arterial qon bosimi me’yorida bo‘lishi va yurak faoliyatining yaxshilanishiga yordam beradi.

Toshkent viloyatida joriy yilda 416 gektar maydonda yangi tokzorlar barpo etildi. Zangiota tumanida 58, Parkent tumanida 122,5 gektar yerda uzumning serhosil navlari ekilgan. Bundan tashqari, Piskent, Yangiyo‘l, O‘rta Chirchiq, Qibray va Ohangaron tumanlarida ham uzum yetishtiriladi. Viloyat bo‘yicha fermer xo‘jaliklarida ushbu yo‘nalish bo‘yicha 300 ish o‘rni yaratilgan.

Parkentlik Bakir ota Ergashevni tumanda tajribali bog‘bon sifatida ko‘pchilik yaxshi biladi. U 2006-yilda 24 gektar maydonda ko‘p tarmoqli “Bakir Zufar” fermer xo‘jaligini tashkil qildi. 20 kishi mehnat qilayotgan xo‘jalik kam ta’minlangan oilalarga muntazam homiylik yordami ko‘rsatadi. 2014-yili xo‘jalik xorijdan 200 tonna sig‘imga ega sovutgich keltirib o‘rnatdi. Shuningdek, joriy yilda olingan daromadning bir qismini mahalla guzarida maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurishga yo‘naltirdi.

– Xo‘jaligimizning 17 gektar yerida 4 xil uzum navini parvarish qilamiz, – deydi B.Ergashev. – Yetishtirilayotgan hosilning asosiy qismi ichki bozorga va qayta ishlashga yo‘naltiriladi. Joriy yilda "Pushti toifi"dan 40 tonna, “Qora kishmish”dan 10 tonna hosil oldik. Bu yil yana 10 gektar maydonga yangi uzum ko‘chatlari ekdik. Noliydigan joyimiz yo‘q, shuning ortidan to‘ylar qilayapmiz, o‘g‘il uylab, qiz chiqarayapmiz. Davlatimiz ezgu va savob ishlarni ko‘p qilayotganidan ruhlanib, biz ham daromaddan kam ta’minlangan oilalarga yordam ko‘rsatmoqdamiz.

Joriy yilda Parkent tumanida 66 ming 963 tonna uzum yetishtirildi. Olingan hosilning 39 ming 971 tonnasi eksportga mo‘ljallangan. Ma’lum qismi qayta ishlash va zaxira uchun ajratilgan.