Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 11 apreldagi farmoyishiga muvofiq, Jizzax viloyatining Aydar–Arnasoy ko‘llar tizimi hududida mavjud turizm salohiyatidan samarali foydalanish, ichki va tashqi sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, zamonaviy yo‘l-transport va servis infratuzilmasini shakllantirish orqali yangi turistik markaz barpo etish vazifasi belgilangan edi.
Mazkur farmoyish ijrosi doirasida hududda sayyohlar uchun keng qamrovli xizmatlar taklif etuvchi “Aydarko‘l Resort” turizm majmuasi barpo etildi va tantanali tarzda foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev ishtirok etib, mazkur loyihaning ahamiyati haqida to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan turizm va ekologik uyg‘unlik asosida O‘zbekiston Milliy banki aksiyadorlik jamiyati mablag‘lari hisobidan tashkil etilgan ushbu ekoturizm maskani aholiga ham, xorijiy mehmonlarga ham chinakam sovg‘a bo‘ldi.
– Dunyoning rivojlangan mamlakatlaridagi kabi zamonaviy shaklda bunyod etilgan ushbu sohil bo‘yi majmuasi yangi qurilgan aerodrom va avtomobil yo‘llari orqali yurtimiz hamda chet ellik sayyohlarni jalb qila oladigan yirik turizm maskaniga aylanmoqda, – dedi Ulug‘bek Mustafoyev.
Loyiha “O‘zmilliybank” AJ investitsiyasi hisobidan amalga oshirilib, dam olish, sport, sog‘lomlashtirish va tabiat qo‘ynida mazmunli hordiq chiqarishni istagan mehmonlar uchun zarur servis xizmatlariga ega zamonaviy majmua sifatida tashkil etildi. Majmua uchun ajratilgan 23,8 gektar yer maydonidan tashqari, 5 gektarlik cho‘milish zonasi ham uning tarkibiga kiradi. Loyiha doirasida 200 o‘rinli 100 xonadan iborat pansionat, 300 o‘rinli mehmonxona, 100 o‘rinli 40 kapsula uyi, 500 o‘rinli avtoturargoh, 25x12 metrli ochiq basseyn, kartodrom, bolalar o‘yingohi va sport maydonchalari barpo etildi. Hududni ko‘kalamzorlashtirish maqsadida 2 ming tup manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Mehmonlar uchun suvda sayr qilishga mo‘ljallangan 60 o‘rinli kema, 4 ta motorli qayiq, paraseyling, 10 ta kvadratsikl, 10 ta karting va suv attraksioni olib kelindi. Plyaj zonasi turli sport musoboqalarini yuqori saviyada o‘tkazish imkoniyatini beradi. Majmua tarkibidagi sanatoriya bo‘limi fizioterapiya, xususan shifobaxsh balchiq bilan davolashga ixtisoslashgan bo‘lib, zamonaviy terapevtik uskunalar bilan jihozlangan.
Loyihaning yana bir muhim jihati — Fransiyaning nufuzli Accor Group xalqaro mehmonxona brendi jalb etilgani. Mehmonxona “Greet Aydarko’l” brendi ostida, “HotelPro” boshqaruv kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlaydi. Bu xizmatlar sifatining xalqaro standartlarga moslashuvi, boshqaruv samaradorligi va bozorda tanilishini ta’minlaydi.
Loyiha doirasida 150 ta doimiy ish o‘rni yaratildi. Hududni obodonlashtirish ishlari chog‘ida 30 milliard so‘mga 28,5 kilometr avtomobil yo‘li ta’mirlandi, 6 milliard 26 million so‘mga 3,3 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i, 500 metrkublik suv ombori va nazorat punkti qurildi. Mahalladagi 94 nafar ishsiz fuqaro, jumladan 33 nafar yosh ish bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan. Arnasoy texnikumida xizmat ko‘rsatish va turizm yo‘nalishi ochilib, shu soha bo‘yicha yoshlar tayyorlanmoqda.
– Men Samarqand viloyatidan 1983 yil “Baxtli” mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Navro‘z qo‘rg‘oniga ko‘chib kelib, Aydarko‘lda 40 yildan ziyodroq vaqt avval baliqchilik, keyin baliqchilar brigadasi boshlig‘i bo‘lib ishladim, – deydi 82 yoshli Xo‘jamurod bobo Ermatov o‘z hayot yo‘li va hududdagi o‘zgarishlar haqida gapirib. – Yo‘llarimiz abgor holatda edi, yog‘in-sochinda loy, yozda tuproq. Mana shu majmua barpo etilishi munosabati bilan tekis asfalt yotqizildi. Elektr ta’minoti yaxshilandi, toza ichimlik suvi keltirildi. Avvallari faqat baliqchilik va chorvachilik bilan shug‘ullangan yoshlarimiz, ayniqsa xotin-qizlarimiz doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Bundan biz juda-juda xursandmiz.
Jizzax viloyati Kengashining deputati Rustam O‘taboyev esa bunyodkorlik ishlarini quyidagicha baholadi:
– 50 yildan ziyod vaqtdan beri shu Arnasoy tumanida yashab, fermerlik qilaman. O‘tgan yili kelganimda bu joy chakalakzor edi. Qarang, 6–7 oy ichida bu yerda muhtasham sanatoriy, xostel, restoran, dam olish kapsulalari, davolanish va sport ob’ektlari barpo etilibdi. Giyoh bitmaydigan joyda moslashtirilgan daraxtlar o‘tqazilib, kichik o‘rmoncha yaratilibdi. Ilgari tuzuk yo‘l yo‘q edi, hozir esa asfaltning teksligini qarang. Aeroport qurilishi haqida o‘ylab ham ko‘rmagan edik, endi samolyot qatnashi yo‘lga qo‘yiladi. Yaqin orada temir yo‘l ham kelishi rejalashtirilibdi. Prezidentimizdan, “O‘zmilliybank”dan butun arnasoyliklar minnatdor.
“Discovyer Invyest” tomonidan amalga oshirilgan 220 milliard so‘mlik turizm loyihasining ijrosi bilan majmua bir vaqtning o‘zida 1000 nafargacha sayyohni qabul qila oladi. Kelgusi yilda 300 o‘rinli mehmonxona va qo‘shimcha turistik ob’ektlar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
2026 yil yakuniga qadar “Baxtli” MFY ga turizm mahallasi maqomi berilishi kutilmoqda. 68 ta xonadonda uy–mehmonxona tizimi joriy etiladi. Aholi uchun ajratilgan 7 milliard so‘m mablag‘ hisobidan infratuzilma bosqichma-bosqich yaxshilanadi.
Hududga Toshkent, Sirdaryo va Samarqand viloyatlaridan 500 ming turistni jalb qilish rejalashtirilgan. Oila va yoshlar uchun “Sheekend tour”, “Family rest”, “Youth camp” kabi ixtisoslashtirilgan turpaketlar joriy etiladi.
Aydar–Arnasoy ko‘llar tizimidagi 23,8 gektarlik hozirgi hudud yaqin kelajakda 400 gektarlik kichik turistik shaharchaga aylantirilishi ko‘zda tutilgan. Natijada 20 ta yangi turizm xizmati yo‘lga qo‘yilib, 1000 nafar aholi ish bilan ta’minlanadi. Har yili 100 ming xorijiy va 500 ming mahalliy sayyoh qabul qilinishi rejalashtirilgan.
[gallery-26399]
Ochilish tantanasi O‘zbekistonning mashhur estrada xonandalari — Jahongir Foziljonov, Shohruxxon, shuningdek, maqomchilar ansambili va mahalliy iste’dodli ijrochi yoshlar ishtirokidagi konsert dasturi bilan yanada ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
Aydar–Arnasoy endilikda mamlakatning eng jozibador yangi turistik markazlaridan biri sifatida yanada ravnaq topib boraveradi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari