French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aydarko‘l – Qizilqum sahrosining “firuza”si
12:50 / 2024-02-01

2 fevral – Butunjahon suvli-botqoqli yerlar kuni

Butunjahon suvli-botqoqli yerlar kuni oldidan Aydar ko‘lning tabiati hamda ko‘l hududini muhofaza qiladigan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirish maqsadida  O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyat bo‘limi tomonidan press-tur tashkil qilindi.  

Aydar-Arnasoy ko‘llari tizimi yurtimizning eng noyob tabiiy suv havzalaridan biri. Chordara GESi qurilgach, 1969-1970 yillarda GES suvi ko‘pligidan tosha boshlagan va to‘g‘on o‘pirilishining oldini olish uchun shlyuzlar ozgina ochilgan. Natijada suv Arnasoy past tekisligiga oqa boshlab, keyinchalik Aydarko‘l hosil bo‘lgan. Aydarko‘l o‘tgan asrning o‘rtalariga qadar quruq yer bo‘lgan. Bahorda yog‘ingarchiliklar sabab esa bu yerda Tuzkon ko‘li hosil bo‘lib, kunlar isishi bilan bug‘lanib ketgan. Mazkur ko‘l Orol dengizidan keyin O‘zbekistondagi ikkinchi sho‘r ko‘l sanaladi.  

Ko‘lning uzunligi sharqdan g‘arbga tomon qariyb 280-300 kilometrga, eni shimoldan janubga tomon 30-35 kilometrgacha cho‘zilgan. Ko‘lning umumiy maydoni 3000 ming kvadrat kilometr bo‘lib, havzada deyarli 10 milliard kub metr suv to‘plangan. Bugungi kunda ko‘l yuzasi tobora qisqarib bormoqda.  

– Bu ulkan suv havzasining vujudga kelishi bilan cho‘l zonasida yangidan-yangi tabiiy landshaftlar, o‘ziga xos o‘simlik va hayvonot dunyosi shakllangan, – deydi Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi bosh mutaxassisi Jasur Haqqulov. – Ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘l yurtimiz aholisining uchdan bir qismini baliq bilan ta’minlaydi. Bu yerda baliqlarning sazan, oqqayroq, zog‘ora, laqqa, leshsimon mayda baliq, sudak kabi turlari ko‘proq uchraydi. Aydarko‘l aholi yashaydigan joydan uzoq bo‘lsada, dam olish uchun juda qulay hudud sanaladi.  

2008 yil 20 oktyabrda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi Ramsar ro‘yxatiga olingan.  

Ma’lumki, 1971 yil 2 fevralda Eronning Ramsar shahrida “Suvda suzuvchi qushlar yashashi uchun xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suv-botqoqlik hududlari to‘g‘risida”gi konvensiya tuzilgan. Hozir 170 dan ortiq mamlakat uning ishtirokchisi sanaladi. O‘zbekiston ham 2001 yilda mazkur konvensiyaga qo‘shilgan. Dunyodagi xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan 2400 dan ortiq suv-botqoqlik hududlari konvensiya ro‘yxatiga kiritilgan.  

– Ramsar konvensiyasining maqsadi geografik joylashishidan qat’iy nazar, biologik xilma-xillikni saqlash uchun zarur bo‘lgan eng qimmatli suv-botqoqlik hududlarining xalqaro tarmog‘ini rivojlantirish va boshqarish, suvda suzuvchi qushlarning yashash joylarini himoya qilishdir, – deydi viloyat Ekologiya boshqarmasi Axborot xizmati rahbari Zubayda Dushanova. – Konvensiya nizomiga muvofiq, agar qaysi bir davlat Ramsar ro‘yxatiga kiritilgan ob’ektning chegarasini kichraytirsa yoki undan chiqarsa, imkoni boricha, yo‘qotilgan suv-botqoqlik hududi resursining o‘rnini qoplashi, ya’ni suvda suzuvchi qushlar uchun qo‘shimcha sharoit yaratishi lozim. Shu bilan birga, ularning oldingi yashash muhiti muhofazasini tashkil qilishi zarur.  

[gallery-15732]

Aydarko‘lda suv osti oqimlari mavjud emas. G‘arb tomon qanchalik borilsa, suv shunchalik sho‘rroq. G‘arbdagi mineralizatsiya  bir litrga 8 grammdan ko‘proq. Daryoning sharqiy quyilish joyida esa 3-5 gramm bo‘lib, bioorganik hayot sharoitini yaratadi. Ko‘l qirg‘oqlarida ko‘plab suvda suzuvchi qush turlarini, jumladan, pushti pelikan, oqqush, baliqchi o‘rdak, g‘oz, tustovuq, oq qo‘ton va boshqalarni uchratish mumkin.  

Press tur davomida OAV vakillari tizim xodimlari ish faoliyati bilan yaqindan tanishdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.  

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari