Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aydarko‘l dam olish uchun juda qulay hudud
17:09 / 2022-10-03

Aydarko‘lni mahalliy aholi sahroning “feruza” daryosi deb nomlaydi. Bunga sabab Nurotaning Oqtovi cho‘qqisidan qaraganda Aydarko‘l yerga ko‘m-ko‘k gilam to‘shab qo‘ygandek ko‘rinadi.

Aydar-Arnasoy ko‘llari tizimi yurtimizning eng noyob tabiiy suv havzalaridan biri. Ushbu ko‘lning tabiati hamda ko‘l hududini muhofaza qiladigan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi suv ob’ektlarini muhofaza qilish tezkor guruhi faoliyati bilan tanishish maqsadida Navoiy viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan press-tur tashkil qilindi.

Chordara GESi qurilgach 1969-1970 yillarda GES suv ko‘pligidan tosha boshlagan va to‘g‘on o‘pirilishining oldini olish uchun shlyuzlar ozgina ochilgan. Natijada suv Arnasoy pasttekisligiga oqa boshlab, keyinchalik Aydarko‘l hosil bo‘lgan. Aydarko‘l o‘tgan asrning o‘rtalariga qadar quruq yer bo‘lgan. Bahorda yog‘ingarchiliklar sabab bu yerda Tuzkon ko‘li hosil bo‘lib, kunlar isishi bilan bug‘lanib ketgan. Mazkur ko‘l Orol dengizidan keyin O‘zbekistondagi ikkinchi sho‘r ko‘l sanaladi.

Ko‘lning uzunligi sharqdan g‘arbga tomon qariyb 280-300 kilometrga, eni shimoldan janubga tomon 30-35 kilometrgacha cho‘zilgan. Ko‘lning umumiy maydoni 3000 ming kvadrat kilometr bo‘lib, havzada deyarli 10 milliard kub metr suv to‘plangan. bugungi kunda ko‘l yuzasi tobora qisqarib bormoqda.

– Bu ulkan suv havzasining vujudga kelishi bilan cho‘l zonasida yangidan-yangi tabiiy landshaftlar, o‘ziga xos o‘simlik va hayvonot dunyosi shakllangan, – deydi viloyat ovchilar va baliqchilar sport birlashmasi Navoiy viloyati bo‘limi mas’ul xodimi O‘tkir Jo‘rayev. – Ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘l yurtimiz aholisining uchdan bir qismini baliq bilan ta’minlaydi. Aydarko‘l aholi yashaydigan joydan uzoq bo‘lsada dam olish uchun juda qulay hudud sanaladi. bugungi kunda Aydarko‘l atrofida dam olish hududlari qurilib, sayyohlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yerda o‘tovlarda dam olib, tuyada sahro kezish ham mumkin. Ko‘l maydonida bir nechta ov xo‘jaligi tashkil etilgan bo‘lib, qo‘riqxona maydonidan tashqarida ov mavsumlari o‘tkazilib, yovvoyi o‘rdaklar, g‘oz, tustovuq, baliqlar va hatto, yovvoyi cho‘chqalar ovlashga ruxsat beriladi.

Press-tur davomida ishtirokchilar Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining suv ob’ektlarini muhofaza qilish tezkor guruhi ko‘llar tizimi akvatoriyasini muhofaza qilish, brakonerlik holatlarini aniqlash va ularning oldini olish, huquqbuzarlarni javobgarlikka tortish choralarini ko‘rish, ko‘llar tizimida patrul xizmatini olib borish jarayonlari bilan tanishdi.

– Avvallari bu yerda nazorat maskani yo‘q edi, – deydi viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Nurali Boltayev. – Inspektorlarimiz vaqti-vaqti bilan kelib, nazorat tadbirlarini olib borgan. Yotib qolib, kechalari bu hududda ish olib borish juda murakkab edi. Keyingi besh yil ichida tizimimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xodimlarning xizmat vazifalarini olib borishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Hududda turizmning rivojlanayotgani, bioxilma-xillikni asrab qolishda tunu-kun ish olib borish uchun ikkita nazorat maskani tashkil etildi. Qo‘shimcha ravishda suvda 9 ballik to‘lqinga dosh beradigan motorli qayiq bilan ta’minlandi. Vazifamiz faqatgina qonun buzilishlarning oldini olish va qoidabuzarlarga tegishli tartibda choralar ko‘rish emas, balki bioxilma-xillikni asrash yo‘lida turli targ‘ibot tadbirlarini ham o‘tkazishdir. Shu maqsadda hududga dam olish uchun tashrif buyurgan sayyohlar bilan profilaktik tushuntirish ishlarini ham olib boramiz.

Joriy yil o‘tgan davrida Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi hududida inspektorlar tomonidan tegishli soha vakillari bilan hamkorlikda 165 marotaba nazorat-reyd tadbiri o‘tkazilgan. Ularning 35 tasida turli  huquqbuzarliklar aniqlangan bo‘lib, ov qilish, baliq tutish yoki baliq zaxiralarini muhofaza etish qoidalarini buzish bilan bog‘liq holatlar 4 tani tashkil etadi. 8 ta holatda esa hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzgan holda tabiatga zarar yetkazilgan. Aniqlangan holatlar yuzasidan 37 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan bo‘lsa, tegishli ruxsati bo‘lmay turib taqiqlangan joylarda qurollar va usullar bilan ov qilgan va baliq tutgan 2 nafar shaxs ustidan to‘plangan hujjatlar tegishli tartibda chora ko‘rish maqsadida sud organlariga yuborilgan. 

Press-tur davomida OAV vakillari tizim xodimlari ish faoliyati bilan yaqindan tanishdi va aniqlangan brakonerlik holatini rasmiylashtirish jarayonida ishtirok etdi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA