Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aydar – Arnasoy: Tabiatga hamohang turizm maskani
15:17 / 2025-07-25

O‘zbekistonda barqaror va mas’uliyatli turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar orasida Jizzax viloyatidagi Aydar – Arnasoy turizm zonasida yaratilayotgan yangi ekoturizm maskani alohida ahamiyat kasb etadi.

Ushbu loyihada nafaqat hududning boy tabiiy salohiyatidan oqilona foydalanish, balki ichki va xalqaro sayyohlar uchun ekologik va zamonaviy infratuzilma yaratish ham ko‘zda tutilganligini ta’kidlab o‘tish lozim.

Bugun ushbu maskanda qurilish ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda. Ekologik mehmon uylari, piyoda va velosiped sayr yo‘laklari, axborot-markazlari kabi ob’ektlar barpo etilmoqda. Tabiatni muhofaza qilish maqsadida quyosh panellari, yomg‘ir suvini yig‘ish tizimlari hamda chiqindilarni saralash infratuzilmalari joriy etiladi. 

Qurilish ishlariga 60 dan ortiq maxsus texnika, 190 nafardan ziyod ishchi jalb etilgan bo‘lib, ularning aksariyati mahalliy aholi vakillaridir. Shu tariqa loyiha ijtimoiy ahamiyatga ham ega bo‘lib, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Aydar – Arnasoy hududidagi mazkur ekoturizm markazi 2025 yil noyabr oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. U tabiiy go‘zallik saqlangan holda zamonaviy sayyohlik muhitini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu nafaqat mahalliy, balki xorijiy turistlar uchun ham jozibador ekoturizm maskanini shakllantirishga xizmat qiladi.

Ayni paytda loyiha O‘zbekistonning barqaror turizm siyosatidagi amaliy yutuqlaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Tabiatga ehtiyotkor munosabat, zamonaviy infratuzilma va inson kapitalidan oqilona foydalanish orqali hududda yangi sayyohlik salohiyati yuzaga chiqmoqda. Bu esa o‘z navbatida mamlakatimizning xalqaro sayyohlik xaritasidagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

A.Qayumov, O‘zA muxbiri