2 fevral – Butunjahon suvli-botqoqli yerlar kuni
Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi tomonidan 2 fevral – Butunjahon suvli-botqoqli yerlar kuni oldidan Aydar ko‘lning tabiati hamda ko‘l hududini muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida press-tur tashkil qilindi.
Aydar-Arnasoy ko‘llari tizimi yurtimizning eng noyob suv havzalaridan biri bo‘lib, 1969-1970 yillarda suv ko‘pligidan Chordara GESi to‘g‘on o‘pirilishining oldini olish maqsadida suvning chiqarib yuborilishi natijasida hosil bo‘lgan. Mazkur ko‘l Orol dengizidan keyin O‘zbekistondagi ikkinchi sho‘r ko‘l sanaladi.
Ko‘lning uzunligi sharqdan g‘arbga tomon qariyb 280-300 kilometrga, eni shimoldan janubga tomon 30-35 kilometrgacha cho‘zilgan. Ko‘lning umumiy maydoni 3000 ming kvadrat kilometr bo‘lib, havzada deyarli 10 milliard kub metr suv to‘plangan. Ko‘lning landshafti o‘ziga xos bo‘lib, o‘simlik va hayvonot dunyosiga ega. Aydar ko‘l aholi yashaydigan joydan uzoq bo‘lsada, dam olish uchun juda qulay hudud sanaladi. Bugungi kunda esa ko‘l yuzasi tobora qisqarib bormoqda.
– 2024 yil 10 iyundagi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining buyrug‘iga asosan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi bo‘limi tashkil qilingan, – deydi bo‘lim bosh mutaxassisi Akrom Nasimov. – Bo‘limning Navoiy viloyati hududida 5 kishi faoliyat olib boramiz. Konimex tumanida Boymurod va Nurota tumanida Qizilcha postlarimiz tashkil qilingan. Postlarda inspektorlarimiz kecha-yu kunduz navbatchilik asosida xizmat vazifasini olib boradi. Bizning faoliyat olib borishimiz uchun zamonaviy motorli qayiq va Niva rusumli avtomashina berilgan. Bu yerda kuz-qish mavsumida qushlar ko‘p uchraydi. Ular kuz mavsumida kelib qishlaydi, bahorda esa uchib ketadi. Ko‘lda sanoat maqsadida baliq ovlovchi tadbirkorlarimiz bor. Ular belgilangan mavsumda baliq ovlashadi. Ularning tabiatdan to‘g‘ri foydalanishini nazorat qilamiz. Belgilangan tartibda nazorat tadbirlarini olib boramiz.
2008 yil 20 oktyabrda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi Ramsar ro‘yxatiga kiritilgan.
Ma’lumki, 1971 yil 2 fevralda Eronning Ramsar shahrida “Suvda suzuvchi qushlar yashashi uchun xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suv-botqoqlik hududlari to‘g‘risida”gi konvensiya tuzilgan. Hozirda 170 dan ortiq mamlakat uning ishtirokchisi sanaladi. O‘zbekiston ham 2001 yilda mazkur konvensiyaga qo‘shilgan. Dunyodagi xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan 2400 dan ortiq suv-botqoqlik hududlari konvensiya ro‘yxatiga kiritilgan.
Ramsar konvensiyasining maqsadi geografik joylashishidan qat’iy nazar, biologik xilma-xillikni saqlash uchun zarur bo‘lgan eng qimmatli suv-botqoqlik hududlarining xalqaro tarmog‘ini rivojlantirish va boshqarish, suvda suzuvchi qushlarning yashash joylarini himoya qilishdir. Konvensiya nizomiga muvofiq, agar qaysi bir davlat Ramsar ro‘yxatiga kiritilgan ob’ektning chegarasini kichraytirsa yoki undan chiqarsa, imkoni boricha, yo‘qotilgan suv-botqoqlik hududi resursining o‘rnini qoplashi, ya’ni suvda suzuvchi qushlar uchun qo‘shimcha sharoit yaratishi lozim. Shu bilan birga, ularning oldingi yashash muhiti muhofazasini tashkil qilishi zarur.
– Navoiy viloyati o‘zining fauna va flora dunyosi bilan boshqa hududlardan ajralib turadi. Ayniqsa, bu yerda ko‘llarning ko‘pligi alohida e’tiborga molik, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Otabek Aslonov. – Ta’kidlash o‘rinliki, respublikamizda 4 ta suv havzasi Ramsar konvensiyasiga kiritilgan bo‘lsa, ularning 3 tasi Navoiy viloyati hududida joylashgan. Bular Aydar-Arnasoy, To‘dako‘l va Quyimozor suv havzalaridir. Bugun jurnalistlarimiz Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida qushlar uchib kelishi, ularni muhofaza qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, hududning infrastrukturasini yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
[gallery-21563]
Aydarko‘lda suv osti oqimlari mavjud emas. G‘arb tomon qanchalik borilsa, suv shunchalik sho‘rroq. G‘arbdagi mineralizatsiya – bir litrga 8 grammdan ko‘proq. Sharqiy tomonda esa 3-5 gramm bo‘lib, bioorganik hayot sharoitini yaratadi. Ko‘lda baliqlarning sazan, oqqayroq, zog‘ora, laqqa, leshsimon mayda baliq, sudak kabi turlarini, qirg‘oqlarida ko‘plab suvda suzuvchi qush turlarini, jumladan, pushti pelikan, oqqush, baliqchi o‘rdak, g‘oz, tustovuq, oq qo‘ton va boshqalarni uchratish mumkin.
Press tur davomida OAV vakillari tizim xodimlari ish faoliyati bilan yaqindan tanishdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/Z0BLtZSYCmI" title="2-fevral – Butunjahon suvli-botqoqli yerlar kuni" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat, video), O‘zA muxbirlari