Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Farhod Zayniyev O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qashqadaryo viloyati kengashida bo‘lib o‘tgan tadbirda yangilanayotgan Bosh qomusimizning mazmun-mohiyati va ahamiyati bo‘yicha keng ma’lumotlar berdi.
Qayd etilganidek, yangilanayotgan Konstitutsiya «inson-jamiyat-davlat» paradigmasiga asoslangani, unda barcha toifalar – yoshlar, ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, o‘qituvchilar, hatto jinoyat sodir etgan shaxslarning huquq va manfaatlari aks etganligi bilan amaliy ahamiyatga ega.
Konstitutsiyada shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lmasligi, bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi bolalar mehnatining har qanday shakllari taqiqlanishi belgilanmoqda.

— Ilk bor shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi kerakligi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik (xalqaro e’tirof etilgan «Miranda qoidasi»), sukut saqlash huquqi nazarda tutilmoqda, — dedi F.Zayniyev. — Shuningdek, har kimning yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanish huquqiga ega ekanligi nazarda tutilmoqda. Bunday huquqlarning cheklanishiga yoki uy-joyda tintuv o‘tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yilishi mustahkamlanmoqda. Ushbu normalar inson huquq va erkinliklari ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Uchrashuvda tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga atroflicha javob oldi.
O‘zA