Farmon va ijro
Jinoyat sodir etgan shaxslar aybini yengillatish uchun surishtiruv va dastlabki tergov organlari bilan aybga iqrorlik kelishuvi tuzishi mumkin.
Bu qanday institut va u qachon joriy etildi? Amalda qanday qo‘llanilmoqda?
– Davlatimiz rahbarining 2020 yil 10 avgustdagi “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan aybiga iqrorlik bo‘yicha kelishuv institutini joriy qilish belgilandi, – deydi Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi Elbekjon Turg‘unboyev. – Aybiga iqrorlik bo‘yicha kelishuv tuzilishi uchun ayrim jinoyatlar toifalari bo‘yicha shaxs aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilgan, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan va keltirilgan zararni bartaraf qilgan bo‘lishi kerak. Shunday hollarda surishtiruv va dastlabki tergov organlari u bilan yozma kelishuv tuzishi mumkin.
Shu asosda unga nisbatan sud tomonidan Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan eng ko‘p jazoning yarmidan ko‘p bo‘lmagan miqdori va (yoki) muddatigacha jazo tayinlash tartibi joriy qilinadi.
Mazkur institutni joriy etishga oid farmon ijrosini ta’minlash maqsadida 2021 yil 18 fevralda “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Shu asosda aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv instituti joriy etildi.
– Aybga iqrorlik kelishuvi instituti joriy qilinganidan beri qancha shaxsga nisbatan qo‘llanildi?
– 2021 yil davomida sudimizda jami 61 ming 263 nafar shaxsga nisbatan 47 ming 657 jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan bo‘lib, shundan 120 nafar shaxsga nisbatan 88 jinoyat ishi aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv tasdiqlangan.
Mazkur toifadagi ishlar bo‘yicha sodir etilgan jinoyatlar oqibatida taraflarga yetkazilgan jami 6 milliard so‘mdan ziyod zarar qoplandi.
– Aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv tuzilishi uchun qanday shartlar bajarilishi kerak?
– Buning uchun gumon qilinuvchi, ayblanuvchi o‘z harakatlarining mohiyatini, shuningdek, o‘zi bergan iltimosnomaning oqibatini anglab yetgan bo‘lishi kerak. Iltimosnoma ixtiyoriy ravishda va ishda ishtirok etayotgan himoyachi bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilganidan keyin berilgan bo‘lishi zarur.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi surishtiruv yoki tergov organi tomonidan qo‘yilgan gumonni yoxud ayblovni, ish bo‘yicha mavjud bo‘lgan dalillarni, shuningdek yetkazilgan zararning xususiyati va miqdorini inkor etmasligi hamda uni bartaraf etgan bo‘lishi talab etiladi.
– Aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv qanday hollarda tuzilishi mumkin emas?
– Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash uchun asoslar mavjud bo‘lsa, shaxs tomonidan bir nechta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, ulardan loaqal bittasi belgilangan talablarga to‘g‘ri kelmasa bunday kelishuv bitimini tuzish mumkin emas.
– Aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv qancha muddatda ko‘rib chiqiladi?
– Jinoyat-protsessual kodeksining 586-7-moddasiga ko‘ra, aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuvga doir ishlar ushbu moddada nazarda tutilgan o‘ziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda umumiy tartibda, jinoyat ishi kelishuv bilan birga sudga kelib tushgan paytdan e’tiboran bir oydan kechiktirmay ko‘rib chiqiladi.
Ushbu toifadagi ishlarni ko‘rishning yana bir o‘ziga xos xususiyati, sud dastlab sudlanuvchi va uning himoyachisining, so‘ng prokurorning, shuningdek zarur hollarda, jabrlanuvchining, fuqaroviy da’vogarning fikrini eshitadi. Shundan so‘ng qaror qabul qilish uchun alohida xonaga kiradi.
Qonunchilikka kiritilgan aybga iqrorlik kelishuvi instituti amalda jinoyatlarni to‘laqonli ochish, jinoyatga jazo muqarrarligi ta’minlanishiga xizmat qilmoqda. Qolaversa, bu jinoyat sodir etgan shaxslarning jazodan qochishiga emas, balki qilmishining mohiyatini anglab, jinoyatlarni fosh etishga ko‘maklashuviga, natijada jazosining yengillashuviga imkon bermoqda.
Norgul Abduraimova,
O‘zA