Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aybdorga hukm o‘qildi, biroq...
18:19 / 2021-10-04

Suddan keyingi mulohazalar

2021 yil 16 mart kuni O‘zA rasmiy saytida “Voyaga yetmagan qizaloqni tahqirlagan shaxslar nega jazoga tortilmayapti?” sarlavhali maqola e’lon qilingan edi.

Maqola ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Jamoatchilik aybdorlar qonuniy jazo olishi kerakligi haqida ko‘plab fikrlar bildirdi.

Shu tariqa maqolaga Oliy Majlis Senati, Bosh prokuratura, Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi munosabat bildirdi. Muammo nazoratga olindi.

Yaqinda esa ish yakuniga yetib, sud hukmi o‘qildi. Sudlanuvchiga avval o‘talmay qolgan jazosini qo‘shish yo‘li bilan 3 yil (!) ozodlikdan mahrum qilish tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil sentyabr oyida Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida 14 yoshli qizaloqni o‘g‘irlash, nomusiga tegish kabi mudhish jinoyat sodir etilgan.

Bu holat bo‘yicha O‘rta Chirchiq tumani prokuraturasi tomonidan 2020 yil 30 sentyabrda Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tuman ichki ishlar bo‘limi tergov bo‘limiga yuborilgan.

Surishtiruv natijasiga ko‘ra, ayblanuvchi shaxslar aniqlanmaganligi asosi bilan jinoyat ishi 2020 yil 30 oktyabrda JPKning 1-qismi 1-bandiga asosan to‘xtatilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari jabrlanuvchi tomonning sa’y-harakati bilan 2021 yil 13 fevralda tiklangan.

O‘zi kurashib hech narsaga erisha olmasligini tushungan fuqaro B.A. (qizning otasi) Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markaziga murojaat qilgan. Markaz yuristlari, psixologlari ota va qizga yordam berish uchun harakatga kirishgan. Bu haqda maqola tayyorlash uchun bizga ham murojaat qilgan.

Shu tariqa ushbu ish bo‘yicha yuqorida tilga olingan maqola e’lon qilingan edi.

2021 yil 17 mart kuni, ya’ni maqola e’lon qilinganidan bir kun o‘tib gumonlanuvchi A.X. Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi tartibida ushlangan.

2021 yil 18 mart kuni A.X. Jinoyat kodeksining 118-modasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilindi.

Gumonlanuvchini qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqida sudga kiritilgan iltimosnoma qanoatlantirildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha O‘rta Chirchiq tumani sudining 2021 yil 19 martdagi ajrimi bilan A.X.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

May oyida ushbu ish nihoyat Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani sudiga oshirildi.

Yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan mazkur ish to‘rt oy davom etdi.

Yozning jazirama issiq kunlarida adolat istagan ota va qizga oson bo‘lmadi. Har safar qizning otasi bilan sud jarayonlari haqida suhbatlasharkanman, umidsizlikka tushib borayotgan, ammo taslim bo‘lmayotgan insonga taskin berishga so‘z topolmay qiynalardim.

To‘g‘ri, sud ishlariga aralashish yoki ta’sir o‘tkazish mumkin emas. Ammo adolat binosiga borib, buni sezmayotgan odamni ko‘rib nima deyishni bilmasdim. Uning so‘zlariga sud va advokatlarning befarqligi otaning qaddini battar bukayotgandek edi.

Sud hukmi bilan tanishayotganda kinolardagi sud jarayonlari ko‘z o‘ngimdan o‘tdi. Aybni tan olish, “men aybdorman”, deb chin yurakdan aybiga iqror bo‘lib, yengil tortish faqat kinolarga xos ekan-da, degan fikrlar yuragimni o‘rtadi.

Chunki sudlanuvchi faqat qizni ayblashga uringan. Menga o‘zi qo‘ng‘iroq qilgan, meni olib keting, degan va hokazo. Lekin voyaga yetmagan qiz qonunga ko‘ra “bola” hisoblanadi. A.X. bo‘lsa balog‘atga yetmagan bolani u yoqdan bu yoqqa olib yurgan.

Yanayam ajablanarlisi, yuqorida qayd etganimiz Jinoyat kodeksining 118-modda 3 - qismining “a” bandi 128 - modda 1-qismiga qayta klassifikatsiya qilingan.

Shu o‘rinda yana bir eslatma: ushbu ish bo‘yicha sudlangan shaxs A.X. (1991 yilda tug‘ilgan) 2011 yilda Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2 qismining “a” bandi bilan, 2014 yilda Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi, 168-modda 2-qismi “a” bandi, 227-modda 1-qismi, 228-modda qismining “b” bandi, 228-modda 2-qismining “b” bandi bilan aybli, deb topilgan.

Birinchi marta sudlanganda unga amnistiya qo‘llanilgan. Ikkinchi marta sudlanganda unga 12 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 2019 yilda esa o‘talmay qolgan jazosi axloq tuzatish jazosiga almashtirilgan. U ushbu jazosini hali o‘tab bo‘lmay turib, yangi jinoyatga qo‘l urgan...

Darvoqe, sud hali yakuniga yetmadi. Chunki jabrlanuvchi tomon apellyatsiya tartibida yana shikoyat qilishga qaror qildi.

Xo‘sh, endi nima bo‘ladi?..

Norgul Abduraimova, O‘zA