Ayni paytda Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan Axsikent arxeologiya merosi ob’ekti asosida Axsikent turizm klasterini tashkil etish konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda. Mahalliy va xorijiy ekspertlar bilan tegishli ishlar olib borilmoqda.
Bundan to‘rt yil burun Axsikent yodgorligiga Prezident tashrifidan so‘ng, ushbu ob’ektni turizm markaziga aylantirish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan edi.
O‘rganishlar natijasida Axsikent nafaqat tarixiy obida, balki o‘zida 15 xil turizm mahsulotini taklif etadigan markaz bo‘lish imkoniyatiga ega, degan xulosaga kelindi. Tarixni sevadiganlar uchun arxeologik topilmalar, ochiq osmon ostidagi muzeylar majmuasi, Sirdaryo baliqlari restoranlar tarmog‘i, Vodiy noyob qo‘lyozmalar kutubxonasi, ziyorat turizmi ob’ektlari, Chust pichog‘i, qilichlari ustaxonalari, Qo‘qon ipak qog‘ozi markazi, Axsi kulolchilik ustaxonalari, Etno-moda markazi, kamonchilik, chavandozlik va boshqa milliy o‘yinlarni o‘z ichiga oluvchi etno-sport markazlarini tashkil etish shular jumlasidandir.
Zamonaviy sayyohlarning barchasi smartfondan foydalanishini hisobga olib, Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar, hamda Raqamli texnologiyalar vazirliklari bilan hamkorlikda turizm mobil ilovalari yaratiladi.
Shuni ta’kidlash kerakki,«Axsikent» yodgorlik majmuasidagi ishlar so‘nggi besh yilda izchil rivojlandi. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 16 oktyabrdagi qarori bilan «Axsikent» arxeologiya merosi ob’ektini muhofaza qilish va tadqiq etish direksiyasi tashkil etildi.
Namangan viloyati hokimligi 2018 yil bahoridan O‘zbekiston Fanlar akademiyasining bir guruh arxeologlarini uzluksiz tadqiqotlar olib borish uchun taklif qildi.
2018 yilning oxiri, 2019 yilning boshlarida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Axsikent yodgorligining bitta ob’ektida (VIII) O‘zbekistonda birinchi bo‘lib «Ochiq osmon ostida muzey» tashkil qilindi.
2019 yilning 28 fevral kuni Prezident Axsikentga tashrif buyurib, qilinayotgan ishlarni ma’qulladi va yangi ko‘rsatmalar berdi. Shu asosda tadqiqotlar olib borilib, 5 ta yangi ob’ekt (VIIIA, XI, XVIII, XIX, XXIV) «Ochiq osmon ostidagi muzey»ga tayyorlandi va fundamental tadqiqotlar doirasida muhim kashfiyotlar qilindi.
Xususan, birinchi shahriston hududidagi XI va XVIII ob’ektlarda Qoraxoniylar davriga oid boy-badavlat oilalarga tegishli mahobatli turar joy qoldiqlari ochildi.
Ushbu ob’ektlarda Farg‘ona vodiysida birinchi bo‘lib XI–XII asrlarga mansub devoriy rasmlar topildi. Sharqiy rabod hududidagi XXIV ob’ektda Qoraxoniylar davriga oid pishiq g‘ishtlardan qurilgan mahobatli turar joy qoldiqlari topib, o‘rganildi. Hatto binoning tagxonalari ham mayda pishiq g‘ishtlar yordamida geometrik shakllar bilan bezalgan ekan.
Ayni paytda beshta ob’ektni ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirish ishlari amalga oshirilmoqda. U mintaqaning o‘ziga xos Registoni bo‘ladi, degan edi Prezident Shavkat Mirziyoyev Namanganga tashrifida.
Qadimgi Farg‘ona davlatining poytaxti miloddan avvalgi III-II asrlardan to milodiy eraning IX asri o‘rtalarigacha Farg‘ona (xitoycha "yuan"), milodiy eraning IX asrining o‘rtalaridan XI asrning o‘rtalarigacha manbalarda Axsikat, numizmatik materiallarda esa Farg‘ona-Axsikat, XI asrning ikkinchi yarmidan mo‘g‘ullar bosqinigacha Axsikat, Umarshayx Mirzo va Bobur Mirzo davrida Axsi, ba’zida Axsikent deb, atalgan.
O‘zbekistonning qadimiy shaharlari Samarqand, Termiz, Urganch, Qarshi, Shahrisabz va Quva singari Axsikat ham mo‘g‘ullar bosqinidan keyin o‘z joyini o‘zgartirgan, ya’ni Shimoliy g‘arb tomonga siljigan.
Lekin joyini o‘zgartirgani bilan Axsikat boshqa shaharga aylanib qolmagan, u Axsikat shahri sifatida qolgan. Axsikat mo‘g‘ullar bosqini va XIII asrning ikkinchi yarmidagi Movarounnahrda yuz bergan mo‘g‘ullarga qarshi noroziliklarning bostirilishi davrida butkul vayron etilgan.
Bularni tasdiqlovchi arxeologik dalillar mavjud. Xususan, Eski Axsi yodgorligining 2 ta ob’ektida (XI, XVIII) ochilgan Qoraxoniylar davriga oid devoriy rasmlar bilan bezatilgan mahobatli turar joylar mo‘g‘ullar davrida vayron etilgani ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Ushbu binolarning qisman poydevorlari, yonib ulgurmagan yog‘ochlari va devoriy rasmlarga ega qatlam-qatlam suvoq uyumlari saqlanib qolgan, xolos.
Qazishmalar davrida XI-XII asrlarga oid tangalar va XII asrning oxiri - XIII asrning birinchi choragiga taalluqli sopol idishlar topildi. 2019 yil Axsikatning rabod qismidagi XXIV ob’ektda ham Qoraxoniylar davriga mansub mahobatli turar joy qoldiqlari topildi.
Binoning asosiy qismidan uyum-uyum pishiq g‘ishtlar qolgan. Lekin pishiq g‘ishtlardan qurilgan tagxonalari yaxshi saqlangan. Shuni ta’kidlash joizki, Eski Axsi yodgorligi hududida olib borilgan qazishmalar davrida biron bir joyda Temuriylar davriga oid arxitektura qoldiqlari topilmadi. Bunday topilmalar 1980 yillarda Yakka Yigit qishlog‘i hududida saqlanib qolgan Yangi Axsi yodgorligida olib borilgan tadqiqotlarda qo‘lga kiritilgan. Demak, Eski Axsi va Yangi Axsi toponimlari bitta Axsikat shahrining turli davrlarga oid xarobalariga mahalliy xalq tomonidan berilgan nomlardir.
2023 yilda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Milliy arxeologiya markazi arxeologlari har ikki manzilda qazishma ishlarini olib boradi.
Bu manzillar tarixiy va ziyorat turizmini yanada rivojlantirishda, Namanganga sayyohlar oqimini ko‘paytirishda muhim ahamiyatga ega.
Anvar IKROM,
Axsikent arxeologiya merosi ob’ektini
muhofaza qilish va tadqiq etish direksiyasi direktori