Tarixchi olimlarning ma’lum qilishicha, Axsikent eramizdan avvalgi III asrda tashkil topgan bo‘lib, qadimgi Farg‘ona davlatining poytaxti, Buyuk ipak yo‘lining asosiy shaharlaridan biri bo‘lgan. Tarixiy manbalarda xususan, “Boburnoma”da bu kentning alohida ahamiyati haqida ko‘p yozilgan.
Qadimdan bu yerda yer osti suv inshooti bo‘lgani bois, mudofaa uchun qulay sanalgan. Shahar ark, ichki va tashqi shahardan iborat bo‘lgan. Bu yerda o‘z davrida shishasozlik, kulolchilik, temirchilik, qurolsozlik rivojlangan. 1620 yillarga kelib zilzila oqibatida ulkan shahar vayron bo‘lgan. Bugungi kunda xarobalarning 60 gektarga yaqin qismi saqlanib qolgan bo‘lib, Farg‘ona vodiysidagi eng katta arxeologik yodgorlikdir.

Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi Ipak yo‘li arxeologiyasi bo‘limi boshlig‘i, tarix fanlari doktori, professor Abdulhamid Anarbayev rahbarligidagi ilmiy jamoa Axsikentning tarix va kelajak maskaniga aylanishidagi muzeylashtirishda faol tadqiqotlar olib bormoqda.
Aytish joizki, qadimgi Farg‘ona vodiysining poytaxti Axsikent mahalliy va xorijlik sayyohlarning muhim tashrif ob’ektiga aylanib ulgurdi. Sababi, Prezidentimizning tashabbusi bilan 2019 yildan Axsikent yodgorligida Italiya tajribasidan foydalanilib, ilk “Arxeologiya parki” tashkil qilindi. Yodgorlikda avvalgi yillarda o‘rganilgan ob’ektlardan 10 tasi tanlab olinib, “Ochiq osmon ostidagi muzey”ga tayyorlandi. Ushbu 10 ta ob’ektda Farg‘ona-Axsikat shahrining 1,5 ming yillik tarixi, mahobatli qurilish qoldiqlari, o‘z zamonasining buyuk olimlari, muhandislari tomonidan qurilgan inshootlar hamda murakkab yer osti kommunikatsiyalari namoyish etilgan.

N.Rahmonova, O‘zA