Namangan viloyati delegatsiyasi Birlashgan Arab Amirliklariga qilgan safari mobaynida Abu-Dabidagi “TeamLab Phenomena” futuristik muzeyi rahbariyati bilan uchrashdi.
San’at, tabiat va texnologiya uyg‘unlashgan ushbu maskanning qurilishi 2021 yil boshlangan. Shu yil jamoatchilik uchun o‘z eshiklarini ochgan dargoh qisqa vaqtda dunyo sayyohlarining sevimli makoniga aylandi. Axsikent arxeologiya parki rahbari Anvar Ikrom muzey bosh direktori Muhammad Az-Za’biy bilan muloqotda bu galgi tashrif delegatsiya uchun boy tajriba to‘plash imkoni ekanini ta’kidladi.

Yaponiya badiiy jamoasi tomonidan yaratilgan bunday muzeylar dunyoning yetti mamlakatida, jumladan Tokio, Jidda, Pekin, Osaka shaharlari, shuningdek Makao va Singapurda ham faoliyat yuritmoqda. Az-Za’biyning “kelajakda xuddi shunday majmua O‘zbekistonda, aynan Namanganda ochilishi mumkin”, degan e’tirofi vakillarimizga ham juda ma’qul keldi.


– Muzeyga tashrif – atrofimizdagi dunyoga chuqur ekspeditsiya, – deydi muzey rahbari. – Bu maskan voqea-hodisalarning atrof-muhit bilan o‘zaro ta’sirini o‘rganadi, olam haqidagi tasavvurimizni o‘zgartiradigan san’at asarlarini taqdim etadi.
M.Pirmatova, O‘zA