Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Axloqi va e’tiqodi butun farzand – ulug‘ ne’mat
14:33 / 2021-05-12

Soat millari 9-00 ga yaqinlashgani sayin ishga kechikmay yetib borish uchun qadamimni tezlatdim. Qarshimda yoshi mendan kichikroq ayolning “Bu kuningdan o‘lganing yaxshi”, deya jahl bilan qarg‘agani xayolimni butkul parokanda qilib yubordi.

Qarasam, chamasi 4 yoshli o‘g‘li tasodifan yiqilib tushdi, ayol esa “Ehtiyot bo‘lib yursang o‘lasanmi?”, deya uni ura ketdi. Men shoshib uni yerdan turishiga yordamlashdim. Bolakay “Oyog‘im siypanib ketdi”, deb yig‘lab o‘rnidan turdi. Ayol bunga parvo qilmay bolasini bir qo‘li bilan sudrab, qarg‘ab-qarg‘ab yo‘lida davom etdi.

Ona-bola shoshib mendan oldinga o‘tib ketishdi. Ayolning bolakayga qilgan muomalasidan o‘zining farzandi bo‘lmasa kerak, deb o‘yladim. Lekin ishxonaga yaqinlashganimda uning ro‘paradagi bog‘cha oldida tarbiyachi bilan suhbatlashib turganini ko‘rdim va bundan o‘sha bolakay uning o‘g‘li ekanini angladim.

Bola – nihol. Ota-ona – bog‘bon. Agar nihol o‘z vaqtida va yaxshi parvarish qilinsa, to‘g‘ri o‘sadi. Ota-onaning vazifasi esa bolaga go‘zal tarbiya berish, yaxshi inson qilib voyaga yetkazishdir. Bunda oila muhiti katta ahamiyatga ega. Bola tabiati, xulq-atvori oiladagi muhit ta’siri ostida bo‘y ko‘rsatadi. Albatta, yaxshi farzand o‘z-o‘zidan voyaga yetmaydi. Oilada ota-ona, atrofda yaqinlar nazoratida tarbiyalanib, ulg‘ayib boradi.

Bola tarbiyasida, ayniqsa, unga nisbatan bo‘lgan muomala va munosabat muhim o‘rin tutadi. Ko‘cha-kuyda, biz tanigan yoki tanimagan odamlar, qo‘ni-qo‘shni oldida ham hali esi kirmagan farzandining ba’zi xarxashalariga chidolmay noo‘rin so‘zlar bilan koyish, qarg‘ash holatlariga ko‘p bor guvoh bo‘lamiz. Ba’zan bolakayga nisbatan aytilgan haqoratli so‘zlardan etingiz junjikib ketadi. “O‘ligingga kuyay”, “Og‘zingdan qoning kelsin”, “Moldan battarsan”, “Iflos” singari qarg‘ishni o‘z vujudidan bunyod bo‘lgan farzandiga nisbatan qo‘llayotgan ota yoki onaning bu xatti-harakatini nima deb atash, qanday baholash mumkin? Endigina hayotga qadam qo‘yayotgan jajji bolakay muntazam ravishda bu singari so‘zlarni eshitib voyaga yetsa kelajakda qanday inson bo‘ladi?

Xalqimizda “Qarg‘agan bolangdan yaxshilik kutma”, degan maqol bejiz paydo bo‘lmagan. Tarbiyasiz farzand o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi. Xatoning eng kattasi bolaga nisbatan qilingan muomala va muloqotning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmasligidir. Buning oqibatida esa bola ongida hasad, manmanlik, behuda so‘zlarni gapirish, johillik, takabburlik, yolg‘onchilik, munofiqlik, baxillik, g‘azab, mazax qilish kabi yomon xislatlar shakllana boradi.

Bolaligimda bobom va buvim biz nabiralariga yoshimiz, fe’l-atvorimizdan kelib chiqib muomala qilardi. To‘rt opa-singil bo‘lsak-da, sho‘xligimiz o‘g‘il bolalarnikidan qolishmasdi. Shunda ham bizni ayab, “Hey seni-ya, boy bo‘lgur-a” yoki “Poshsho bo‘lgur”, “Uying donga to‘lsin”, deyishdan nariga o‘tmasdi. Hatto dadam va ayamning bizning bolalarcha qiliqlarimizdan ba’zan qattiq jahl qilib koyiganida ham qariyalardan dakki eshitgani, bola ko‘rganini va eshitganini, albatta, takrorlashi mumkinligini aytib tanbeh berishardi.

– Ota-bobolarimiz “Yaxshi gapga ham, yomon gapga ham farishtalar omin deydi”, deb bejiz aytishmagan, — deydi nafaqadagi pedagog Zulayho aya Mamanazarova. – Ayniqsa, ota-onaning farzandini qarg‘ashi uning kelajagiga ta’sir etmay qolmaydi. Haqoratli so‘zlar eshitib voyaga yetgan bola kelajakda qanday shaxs bo‘lib ulg‘ayadi? Shu kunlarda, ayniqsa, yosh kelinlarning “Otangga o‘xshamay o‘l” qabilidagi qarg‘ishlarini, farzandini urayotgan holatlarini ko‘p kuzatyapman. Tarbiyasi butun ayol ichidagi tug‘yonlari, nafrat va g‘azabini hech qachon bolaga nisbatan qo‘llamaydi. Qanday fe’l-atvorga ega bo‘lishidan qat’iy nazar o‘sha erkak – farzandining otasi. Uni yomon ko‘rsatish, bola ko‘nglida o‘z otasiga nisbatan qahr uyg‘otishga hech bir onaning haqqi yo‘q.

Muntazam ravishda so‘kish yoki haqorat eshitgan bola kelajakda kim bo‘lib yetishadi? Spirtli ichimlik ichishga ruju qo‘yuvchilar qayoqdan paydo bo‘lyapti? Ko‘cha-kuyda janjal ko‘tarib, ko‘pchilikning tinchini buzib yurayotganlar-chi? Yo‘qchilikni bahona qilib egri yo‘lga kirib ketganlar-chi? Turmushida adashgan, yo‘lini yo‘qotgan, hayotda o‘z o‘rnini topolmagan kishi borki, uning bolaligi bilan qiziqsangiz, albatta, to‘kis tarbiya ko‘rmagan, oilasida ma’naviy muhit nosog‘lom bo‘lib chiqadi.

To‘g‘ri, bola tarbiyasida qattiqqo‘llik kerak. Ammo bu usul farzandni kishi etini seskantiruvchi so‘zlar bilan haqoratlash, muntazam ravishda urish, degani emas-da.

Ota-ona, shuningdek, bobo va buvining oila davrasida qiladigan har bir xatti-harakati, aytgan har bir so‘zi farzandi tarbiyasi, uning shakllanishiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi.

Go‘dakni urish, turtish, haqoratlash, so‘kish o‘rniga unga kulib javob qaytarish, vaqti-vaqti bilan erkalash, halol mehnatga o‘rgatish, qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash, “nega?”larini javobsiz qoldirmaslik, yoshiga nisbatan munosabatda bo‘lish, unga o‘zini qanday tutish kerakligini tushuntirish, uni his etish va eshitish muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, “sen eng chiroylisan, eng yaxshisan, eng aqllisan, eng qobiliyatlisan” singari so‘zlarni aytish bolada o‘z fikri va his-tuyg‘ularini erkin aytish qobiliyati paydo bo‘lishiga, faollikka, o‘ziga nisbatan ishonch tuyg‘usi mustahkamlanishiga zamin yaratadi. Bolaning biron narsani uddalay olmasligi uning bilmasligidan emas, tajribasizligidan. Ularning injiqliklari oldida ota-ona sabrli, bardoshli bo‘lishi lozim.

Zero, axloqi va e’tiqodi butun farzand – ulug‘ ne’mat. Bundan ota-ona ham, jamiyat ham birdek manfaatdor.

                                                                                                                                                  

Dilfuza MAHKAMOVA,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi