Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Axlatxonada yotgan beshik
12:46 / 2021-01-28

Avtobusda ketayotib, nogoh Chorsu bozori yonidagi axlatxonada yotgan beshikka ko‘zim tushib qoldi.

Ranglari o‘chmagan, olovday! Eng qizig‘i, bus-butun ham edi. Tag‘in, bir emas, naqd uchta yo to‘rtta!!! Birdan vujudimga titroq kirdi. Axir beshik axlatxonaga otib yuboriladigan matoh emas-ku! Davlatimiz rahbari ma’naviyatimizni yuksaltirish haqida jon kuydirib turgan bir paytda qadriyatlarga, o‘zlikka munosabat shumi? Bu haqda hamkasblarimga aytganimda, ularning biri yaqinda o‘z mahallasidagi axlatxonada ham beshik ko‘rganini nadomat bilan gapirib berdi. Yo, tavba! Bizga nima bo‘lyapti?

Balki eslarsiz, beshikni qadrli deb bilgan ota-bobolarimiz, aniqrog‘i, momolarimiz foydalanilmayotgan beshikni uyning bir chetiga olib qo‘yishgan yoki, hech bo‘lmasa, matoga o‘rab, omborxonaga ilib qo‘yishgan. Beshikka bo‘lgan bunday e’zoz bugungi kunda ham saqlanib turibdi. Chunki, beshik qadrli, tabarruk! Unda farzandlari katta bo‘lishgan – avlodi davom etgan! Garchi hozir uning bolalari ulg‘ayib, nevaralari ham yotmayotgan bo‘lsa-da, vaqt-bevaqt mehmon kelsa-yu, yosh bolasi bo‘lsa, ular yotishar, bo‘lmasa, bolali uyning ramzi bo‘lib uyda turadi...

Bir oilaga bir beshik yetadi. Unda hayotning davomiyligi, umrning shirin xotiralari mujassam bo‘ladi. Beshikka qarab, beixtiyor bolaligingiz yodingizga tushadi. Yoki shu beshikda ulg‘aygan, bugun yoningizda savlat to‘kib o‘tirgan o‘g‘il-qizlaringizning kamoli ko‘z oldingizdan o‘tadi.

Endi o‘ylab ko‘ring, o‘zingiz katta bo‘lgan yoki bolalaringiz ulg‘aygan beshik uyingizga ortiqchalik qiladimi? Yo juda xalal beradimi? Yoki beshigini chiqarib axlatxonaga tashlagan kishilarning uylari kengayib, dimog‘lari chog‘ bo‘lib, barakasi oshib ketadimikan? Yo aql ojizlik qiladigan boshqa sababi bormikan? Nima bo‘lganda ham hech bir sabab beshikni axlatxonaga chiqarib tashlashga asos bo‘lolmaydi!

O‘z tarixiga ega bo‘lgan, bag‘rida millionlab go‘daklarni voyaga yetkazgan, onalarimiz orzu-havas bilan tebratib, siz-u bizni ulg‘aytirib, shirindan-shirin allalar aytgan beshiklar endi eskilik sarqiti yoki uyimizdagi ortiqcha mato bo‘lib qoldimi? aslo!

Beshik qadrini necha yildan beri tirnoqqa zor bo‘lib, shifoxonama-shifoxona, tabibma-tabib chopib yurgan er-xotinlardan so‘rang! Beshik qadrini farzandi tug‘ilib, turli sabablarga ko‘ra yashab ketmayotgan, bundan yuraklari kuyib-yonayotgan ayollarning nolasidan axtaring! Beshik qadrini o‘n-o‘n ikkitalab farzand o‘stirgan va ayni damda nevara-yu chevara, evaralari atrofida, hatto ularning ismlarini eslab qololmay o‘tirgan nuroniy onaxonlardan so‘rang!

O‘zbek uchun, umuman turkiy xalqlar uchun beshik ana shunday e’zozlidir! U vaqtida ishlatilib, bolalar katta bo‘lgach yoki kelin olganingizdan keyin uning onasi zamonaviy, pult bilan boshqariladigan, dasturlangan beshiklar olib kelsa, “bunisi endi kerak emas”, deb axlatxonaga otib yuboriladigan buyum emas! Foydalanmasangiz, juda ortiqchalik qilayotgan bo‘lsa, boshqaga, biror ehtiyojmandga bering! Chunki, beshikdan foydalanishda irim-sirim yo‘q! Balki, davomiylik bor! Haligacha ayrim ayollar “Otasi yotgan beshik” deb nevaralarini ham bitta beshikda katta qilishadi. Ammo o‘ylamangki, otasi yotgan beshikda ulg‘aygan bolalarning biror joyi kam bo‘lib qolgani yo‘q yoki pultli beshikda katta bo‘layotganlarning dahmazasidan boshqa ortiqcha joyini topolmaysiz! Demak, beshikda ayb yo‘q!

2019 yil 1 noyabrda muslim.uz saytida e’lon qilingan bir maqolada ona olti nafar o‘g‘lini katta qilishda ishlatgan beshikni yoqib yuborgani haqida so‘z boradi. Buning sababi nima ekan, dersiz. Boisi, o‘g‘illar uylangach, birortasi mushtipar onalariga e’tibor qilmagan, xizmatida bo‘lmagan. Onaizor beshikni yoqish sababini shunday izohlagan: “Har gal ko‘zim tushganda qalbimni tirnayotgan shu beshikni yoqib yubordim”.

Farzandlaridan dili og‘rigan ona o‘z g‘azabini ichiga yutolmay, bolalari yotgan beshikni yoqib yuborib, shu ko‘rinishda alamini olibdi. Ammo bunda beshikning “aybi” nima? Ona aybni o‘zidan izlab ko‘rishi kerak emasmidi? Demak, bugun beshikni axlatxonaga tashlab ketgan “zamonaviylar”ning farosatida, ongu tafakkurida, dunyoqarashida katta nuqsoni bor! Bugun beshikni, o‘zlikni, ertaga bolani qadrlamagan, ularga to‘g‘ri tarbiya bermagan, mehr-oqibatni bilmagan ota-onalar indinga o‘zlariga Qariyalar uyidan joy axtaraversinlar...

Keling, shu o‘rinda beshik tarixiga bir nazar tashlaylik. Balki mehringiz uyg‘onib, muhabbatingiz oshar, xotiralaringiz uyg‘onar...

Beshik – asrlar davomida qo‘llanib kelayotgan milliy qadriyatlarimizdan. U haqida Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarida (XI asr) ham ma’lumot bor. Manbalarda yozilishicha, XV asrga xos mitti rangtasvir asarlarda ham beshik suratini ko‘rish mumkin. Beshik qadimdan o‘zbek, tojik, turkman, qoraqalpoq, qirg‘iz va boshqa sharq xalqlari orasida keng tarqalgan. Beshik Markaziy Osiyo xalqlari madaniyatining ajralmas qismiga aylangan. U hayot davomiyligi ramzi hisoblanadi.

“Beshik bolasi – bek bolasi”, deydi xalqimiz. Chaqaloqni har xil tashqi ta’sirlardan himoya qilishda beshikka yetadigani yo‘q. Haroratni o‘rtacha saqlaydi, bola tagi quruq va toza turadi, xotirjam uxlaydi, umurtqa suyaklari tekis o‘sadi, chaqaloq qo‘lga o‘rganib qolmaydi. Beshikning bir maromda tebranishi ona allasiga hamohang bo‘lib bolaga ruhan va jismonan tinchlik baxsh etadi.

Bolani beshikka belash uning sog‘lig‘i uchun zararlimi? Tibbiyot xodimlari “bola beshikka belangani uchun uning bosh suyaklari o‘zgaradi”, degan fikrga qo‘shilishmaydi. Aslida esa bola suyaklarining o‘zgarishi kalsiy moddasi yetishmasligidan kelib chiqadi. Demak, ona homiladorlik davrida ana shu moddaga boy oziq-ovqatlarni kam iste’mol qilgan. Bolada kalsiy moddasi yetarli bo‘lmasa, beshikda yotmasa ham suyaklari noto‘g‘ri rivojlanadi.

«Momolarimiz o‘gitlari» kitobida yozilishicha, beshikni to‘g‘ri ishlatish kerak. Qattiq yerga emas, yumshoq ko‘rpacha ustiga qo‘ysa, yaxshi tebranadi. Bola faqat uxlaydigan paytlari unda yotishi kerak. Uzoq vaqt beshikda yotqizish ham to‘g‘ri emas. Chunki bola terisiga yorug‘lik kam tushsa, raxitga olib kelishi mumkin. Beshikka yorug‘lik tushib tursin. Go‘dakni beshikda yotgan holida emizmagan yaxshi. Agar emizishga to‘g‘ri kelsa, bu ishni galma-gal, ikki tomondan amalga oshirgan ma’qul. Momolarimiz sumakni ishlatishdan oldin olovga tutib, zirapchalardan tozalab, keyin yog‘ga botirib olishgan. Bunday qoidalarga rioya qilish turli kasalliklarning oldini oladi. Beshik yopinchig‘i tabiiy matodan bo‘lsa, bolaning nafas olishiga to‘sqinlik qilmaydi. Uni vaqti-vaqti bilan ochib, shamollatib turish kerak. Beshik tagiga solingan ko‘rpacha yupqa va paxtadan bo‘lsin. Bog‘ichlari o‘rtacha bog‘lansa, yaxshi.

Mixsiz yasalgan qurilma – beshikning tuzilishi ajoyib. Dunyoda eng ma’qul deb tan olingan gumbazsimon qubba shakli beshikka asos qilingan. Ikki yoni ochiqligi, ichi kengligi bolani belash va yechishga qulay. Beshik qurt tushmaydigan tut, ba’zida o‘rik, yong‘oq, egmasi va sumagi esa ko‘pincha yumshoqroq tol yog‘ochidan yasaladi. Mohir ustalar beshik yasashda umuman mixdan foydalanishmagan. Bezatishda hidi chiqmasligiga, bo‘yoqlar tabiiyligiga e’tibor berishgan, yorqin ranglar ishlatishgan. Chunki go‘dak beshikning bezaklariga qarab, tinchlanadi, rang ajratishni o‘rganadi. Beshik yopinchig‘i, mavsumga qarab duxobadan (qishki), ipak mato yoki surpdan (kuzgi, bahorgi), dokadan (yozgi) tikilgan. Qovuzi tariqdan, sholi, suli yo bug‘doy po‘stlog‘idan tayyorlanadigan maxsus ko‘rpachadir...

Yana shuni ham ta’kidlash kerakki, hayot davom etar ekan, beshiksozlik san’ati ham o‘lmaydi. Beshiksozlik nafaqat milliy madaniyatimiz go‘zalligi namunasi, balki o‘zbek beshigining tarixiy-maishiy ahamiyatini ham ifoda etadi. bugungi kunda ayrim qishloq va shaharlarda hunarmandlar beshiksozlik bilan ham shug‘ullanishadi. Ular orasida Farg‘ona vodiysining Andijon, Namangan, Marg‘ilon shaharlarini eng muhim beshiksozlik markazlari sifatida e’tirof etish mumkin. Toshkent shahri, Samarqand viloyatining Urgut, Buxoro viloyatining G‘ijduvon va Navoiy viloyatining Karmana tumanlarida bu hunar yaxshi rivojlangan. Surxondaryoda esa beshiksozlik Boysunda yaxshi taraqqiy etgan. Xorazm viloyatida beshik Urganch, Xazorasp va Xivada yasaladi. Beshik yasash va bo‘yash bo‘yicha har bir viloyatning o‘z uslubi bor.

Bir necha asrlar osha bizga yetib kelgan go‘zal an’analarimizdan biri – «Beshikka belash» marosimi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqni buvisi yoki keksa yoshli, serfarzand onaxonlar birinchi marta beshikka belarkan, yaxshi niyatda bosh tarafiga «yuzi yorug‘ bo‘lsin», deb oyna qo‘yadi. So‘ng «iymoni but, rizqi butun bo‘lsin, ins-jinslardan qo‘rqmasin” deb, non bilan pichoq, «yo‘llari ravon, tugunsiz bo‘lsin», deb taroq va «boshi toshdan bo‘lsin», deb qayroqtosh qo‘yadi.

Modomiki, shunday ezgu niyatlarda beshikka belanib, beshikda ulg‘ayib, bugun ham farzandlarimizni beshikda katta qilayotgan ekanmiz, foydalanilmay qolganida yoki kelinlarimiz orqali uyga “zamonaviy beshik”lar kelganida eskisini axlatxonaga chiqarib tashlashdan o‘zimizni tiyaylik! Bugun kimdir endi kerak emas deb beshikni axlatxonaga chiqarib otsa, birov kerak emas deb chaqaloqni tashlab ketsa... biz nima degan odam bo‘lamiz?

Unutmang, barcha ko‘ngilsizliklar va yomon oqibatlar asrlar davomida shakllanib kelgan, shu bilan birga, o‘z isbotini ko‘rsatgan qadriyatlarga hurmatsizlikdan, shu orqali o‘zini hurmat qilmaslikdan kelib chiqadi!

Xoliyor SAFAROV,

jurnalist