Shaxsiy fikr
Chopag‘on, marrasi aniq bo‘lgan otning ketidan yugurib, «unga hech bo‘lmaganda esh bo‘ldimku» deb aytish jasorat emas! Bedovni tutib, tarbiyalab, ko‘pkarida sovrin olgan chavandozni abjir deymiz; olqishlar yog‘diramiz.
Inson yaralibdiki, shov-shuv, ur-surga o‘ch. Aytingchi, qay birimiz janjal bo‘layotganini ko‘rsak, bir nigoh tashlamay yoki borib aralashmay o‘ta olamiz. Kimlardir bu to‘polonning sababini aniqlab, ikki tomonni murosaga chorlaydi, yechim izlaydi. Kimlardir esa tayyor videoga oladida, na izoh, na yechimsiz «obro‘», «layk» uchun ijtimoiy tarmoqqa joylaydi. Hech birimizga sir emaski, hozirda biz axborot, erkin fikrlash asrida yashayapmiz. Keng jamoatchilikka xabarni yetkazish esa ommaviy axborot vositalari, axborot agentliklarining ishidir.
2003 yildan boshlab faqatgina oliy ma’lumotga ega bo‘lgan jurnalistlar emas, balki shu sohaga qiziquvchi havaskorlar ham o‘z qarashlarini ma’lum bir bloglarda, platformalarda e’lon qilishlari mumkinligi targ‘ib etildi. Bundan maqsad shaxsiy dunyoqarashga ega bo‘lgan, chigal yo‘ldan chiqa olishni uddalaydigan ijodkorlarni ajratib olish edi. Ammo «ustoz ko‘rmagan shogird har maqomga yo‘rg‘alar», deganlaridek childirmani xohlaganidek chertadiganlar ham bu imkondan foydalandi. Hozirda esa ular son mingta. Aslida, blogerlar kim? Ular nima qilishadi? Bu kasb qanday paydo bo‘lgan? Shu savollarga yechim izlaylik. Bloglarning rivojlanish xronologiyasi 1992 yildan boshlangan va unda yangiliklar nashr etilgan. 1996 yildan boshlab bloglar ommaviy tus ola boshlagan.
1999 yil avgustda San-Fransisko shahridagi Pyra Labs kompyuter kompaniyasi blogger.com saytini ochdi va natijada blogerlik kasbi ildiz ota boshladi. Bloger so‘zi «o‘rnatish», «qo‘shimcha qo‘shish» degan ma’noni bildiradi. Dastlab bu kasb egalari o‘zlari guvoh bo‘lgan voqealarga shaxsiy munosabat bildirib, mutasaddilardan yechim so‘rab murojaat qilishgan yoki shaxsiy «onlayn kundalik»dek yuritilgan. Hozir ham shundaymi? Lupa ostiga olib qarashning hojati yo‘q! Bloger deganda siz ko‘z o‘ngingizga kimni keltirasiz? Qiyin vaziyatlar, yechim izlayotgan voqeliklarni o‘z qarashidan kelib chiqib hal qiladigan odamnimi? Yoki ko‘proq shov-shuv ko‘taradigan pashshadan fil yasaydiganlarnimi? Har ikki qiyofa ham mavjud.
Madaniyat doirasidan chiqib na shaxsiy fikr, na yechim keltirmasdan, og‘ziga kelganini aytadiganlar bemaza qovunning urug‘idek ko‘paymoqda. Hozir ular uchun bir jumla qurol: «Beobro‘yning noni butun». «Komediyalarga e’tibor bering, ularda achchiq illatlar kulgi kiyimida bo‘ladi», - deydi Charli Chaplin.
Agar esingizda bo‘lsa, qaysidir hajviy guruh tomonidan aynan blogerlarning bugun biz tahlil qilayotgan ishi ko‘rsatilgandi. Blogerman deyishi bilan o‘rin bo‘shatib berilgandi Tojik xalqida shunday bir maqol bor: «Deg jo‘shat - go‘r so‘zat» (Ma’nosi: «Qozon qaynasin - oxirat kuysin»).
Pashshadan fil yasaydigan blogerlar «Kaptiva»da yangi xonadon kalitini olib yurishibdi. Eng qizig‘i, hech qancha sarflamay. Jurnalistik ma’lumotga ega bo‘lmagan, o‘zidan qahramon yasab olgan bunday yulg‘ichlar qayoqdan paydo bo‘ldi? Bloger emas, balogirlar jamiyatda urchib ketganini hammamiz yaxshi bilamiz.
Ayrimlari noqonuniy xatti-harakati uchun tegishli jazo olyapti. Axir, xalqni aldab bo‘lmaydida! «Ur!..» desa ko‘zini chiqaradigan, salla deganda kalla oladigan savodsizlar ignadek kamchilik topsa olamga jar solyapti. To‘g‘ri, muammolarni ko‘targan, poraxo‘rlik, nohaqliklarni olib chiqqan haqiqiy blogerni jurnalistga tenglashtirsa arziydi. Ammo, bular barmoq bilan sanarli. Qarangki, endi ular ommaviy axborot vositalariga tosh otishga intilmoqda. Nima emish, ko‘plab OAV vakillari axborotni yashirib, haqiqatni ko‘rsatmayotgan emish. Bunday pozitsiya noto‘g‘ri.
Axborot beriladi. Uni yashirishdan ma’no yo‘q. Axborot millatda shakllangan madaniyat, axloq o‘lchovlaridan kelib chiqib beriladi. Axir, hamma to‘g‘ri so‘zni ham degulik emas, deganku bobolarimiz. Axborot - hokimiyat valyutasi degan ibora bor. Ammo bloger – balogirlar har qanday axborotdan shaxsiy manfaat izlashmoqda. Yo‘lga qo‘yilgan barcha imkoniyat, huquq va erkinlik dan to‘g‘ri foydalanish darkor. Avvalo, qilayotgan ishingizning asl mohiyatini tushuning.
Ba’zida notanish kimsa jig‘imizga tegadigan, suvga botmas gaplar yozsa, ijtimoiy tarmog‘imiz (telegram, instagram, feysbuk) dan uni bloklab qo‘yamiz. Ya’ni u bizni bezovta qila olmaydi. Biz tanqid qilayotgan kishilar ham qaysidir ma’noda gullayotgan narsani bo‘g‘ib tashlayapti. Satr-satr yozilib, o‘quvchisini topa oladigan nashrlar ishini bloklayapti. Davlat xodimlari oldida nayrang ko‘rsatib, cho‘ntak qappaytiryapti. Menimcha, balogirlardan talab etayotganimiz - mukammal tasavvur, yetarlicha saviya, bilim va madaniyat kompyuter «miya»sida bloklanib qolgan.
Siz nima deb o‘ylaysiz?!
Mohichehra ASQAROVA,
BuxDU filologiya fakulteti jurnalistika yo‘nalishi talabasi