O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Axborot va raqamli texnologiyalar sohalarida davlat nazorati tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Mazkur qarorning asosiy maqsadi – axborotlashtirish, telekommunikatsiyalar va axborot sohalarida qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini monitoring qilishda davlat boshqaruvini takomillashtirish hamda fuqarolar, ayniqsa, yoshlarni noxolis, ishonchsiz va taqiqlangan axborotlardan himoya qilish samaradorligini oshirish hisoblanadi.
Qarorga muvofiq, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi quyidagi sohalarda maxsus vakolatli davlat organi etib belgilandi:
a) axborotlashtirish, telekommunikatsiyalar, pochta aloqasi, raqamli texnologiyalar sohalarida davlat nazoratini amalga oshirish, jumladan, sun’iy intellekt sohalarida, axborot tizimi va resurslari, ma’lumotlar bazalari, raqamli xizmatlar, dasturiy ta’minot faoliyatini monitoring va nazorat qilish;
b) ommaviy axborot vositalarini ro‘yxatga olish hamda ular tomonidan qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilinishini monitoring va nazorat qilish;
v) noshirlik va matbaa faoliyati sub’ektlari tomonidan qonunchilik hujjatlari hamda texnik standartlar talablariga rioya qilinishini monitoring va nazorat qilish, shuningdek, ular faoliyatini boshlaganlik (tugatganlik) to‘g‘risida xabardor qilish tartib-taomillarini amalga oshirish;
g) bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish, shuningdek, taqiqlangan axborot, jumladan, onlayn platformalarda tarqatilishini cheklash.
Qaror bilan Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasining asosiy vazifalari tasdiqlandi.
Inspeksiyaning o‘z vakolati doirasida qabul qilgan qarorlari davlat organlari va tashkilotlari hamda ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
Inspeksiya 2027 yil 1 yanvarga qadar, jumladan, quyidagi imkoniyatlarga ega "Raqamli nazorat" platformasini ishga tushiradi:
a) aholi istiqomat qilayotgan, jumladan, olis va chekka hududlardagi raqamli texnologiyalar va telekommunikatsiyalar sohalarida ko‘rsatilayotgan xizmatlar hamda aloqa sifat ko‘rsatkichlarini monitoring qilish;
b) axborot tizimlari, resurslari, dasturiy mahsulotlar va ma’lumotlar bazalarida yuzaga kelgan uzilish yoki to‘xtalish holati bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish;
v) davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan axborot tizimlarining samaradorligi, maqsadliligi va joriy etish darajasini baholash;
g) jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar tezkor ko‘rib chiqilishini tashkil etish.
O‘zA