Sirdaryo viloyatida ommaviy axborot vositalari va axborot xizmatlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish hamda aholini ishonchli va aniq axborot bilan ta’minlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur yo‘nalishda ishlab chiqilgan maxsus strategiya doirasida viloyatdagi barcha tuman va shahar hokimliklarining axborot xizmatlariga xizmat avtomashinalari taqdim etildi. Bu esa, axborot xizmatlarining harakatchanligi, joylardagi voqea-hodisalarga tezkor munosabat bildirish qobiliyati va samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda esa Sirdaryo viloyat hokimligi tashabbusi bilan axborot xizmatlari markazlashtirilgan holda zamonaviy texnik vositalar bilan ta’minlandi. Ushbu jihozlar orasida yuqori sifatli foto va videokameralar, noutbuklar, monobloklar, multimedia vositalari va boshqa axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jamlanmasi mavjud.

Yangi texnik vositalardan samarali foydalanish, axborot xizmatlari xodimlarining kasbiy malakasini oshirish maqsadida hokimlik binosida maxsus qisqa muddatli o‘quv-seminar tashkil etildi. Unda matbuot kotiblariga zamonaviy axborot muhitida samarali ishlash, texnik vositalardan to‘g‘ri va maqsadli foydalanish, jamoatchilik bilan muloqotni kuchaytirish kabi masalalar yuzasidan amaliy ko‘nikmalar berildi.
G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev (surat),
O‘zA muxbirlari