Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Axborot xizmatlari xodimlari tajriba almashdi
17:01 / 2025-10-16

“O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati hududiy korxonalari axborot xizmatlari xodimlari uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etdi. O‘quvlar ochiqlik, shaffoflik va zamonaviy kommunikatsiya usullari asosida faoliyat olib borayotgan tashkilotlardagi axborot xizmatlarini takomillashtirishga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan ushbu o‘quvlar Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi bilan hamkorlikda birinchi marta o‘tkazildi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga mediasohadagi so‘nggi tendensiyalar, amaliy ko‘nikmalar va nazariy bilimlar yetkazildi. Tahlil qilingan mavzular qatorida faktchek, ommaviy nutq madaniyati, tashkilot imijini shakllantirish, blogerlar hamda jamoatchilik bilan samarali hamkorlik, shuningdek, ochiq ma’lumotlar bilan ishlash ko‘nikmalari kiritilgan.

– O‘quv mashg‘ulotlari interaktiv tarzda, amaliy topshiriqlar bilan boyitilgan holda o‘tkazildi, – deydi “O‘zsuvta’minot”AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov. –  Har bir ishtirokchi o‘z bilim va ko‘nikmalarini amalda sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Tajribali spiker va mutaxassislar tomonidan “Sohada kontent yaratishda zamonaviy tendensiyalar”, “O‘zbekiston medialandshafti: trendlar, imkoniyatlar va istiqbollar”, “Axborot xizmati faoliyatida blogerlar va jamoatchilik vakillari o‘rni va ta’siri” kabi mavzularda interaktiv darslar bo‘lib o‘tdi.

Kurs yakunlangach, barcha qatnashuvchilarga sertifikatlar topshirildi. Shuningdek, faol ishtiroki va namunaviy ishlari bilan ajralib turgan axborot xizmatlari rahbarlariga “O‘zsuvta’minot”AJ boshqaruv raisi tomonidan esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Tadbir so‘nggida ishtirokchilar o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi, bunday amaliy mashg‘ulotlar sohadagi faoliyatga yangi ilhom va rag‘bat bag‘ishlashi qayd etildi.

Nilufar Bozorova, O‘zA