Kuni kecha Energetika vazirligi hamda sohadagi qator tashkilotlar axborot xizmatlari xodimlari uchun o‘quv-trening tashkil etildi. Unda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mutaxassislari ishtirok etib, sohadagi zamonaviy tendensiyalar, raqamli vositalar hamda kommunikatsiya sohasidagi ilg‘or yondashuvlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Treningda ta’kidlanganidek, axborot xizmati faqat ma’lumot tarqatish bilan cheklanib qolmasligi lozim. U tashkilot va jamoatchilik o‘rtasida ochiq, ishonchli va barqaror muloqotni ta’minlashi, shu orqali tashkilotning ijobiy imijini shakllantirishi zarur. Shuningdek, jamoatchilik fikrini kuzatish va tahlil qilish, undan tegishli xulosalar chiqarish ham axborot xizmatining muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.
Tadbirda axborot xizmatlari faoliyatida tezkorlik, shaffoflik va ijodkorlik muhim omillar sifatida alohida qayd etildi. Malaka oshirish, hamkorlikka ochiqlik va doimiy o‘zgarishlarga tayyor turish kabi talablar esa bugungi zamon axborot xizmati xodimining ajralmas xususiyatiga aylanmoqda.

– Bugungi trening biz uchun juda foydali bo‘ldi. Axborot xizmati ma’lumot tarqatuvchi emas, balki tashkilot strategiyasini amalga oshiruvchi muhim kommunikatsiya organidir. Vizual kontent yaratish va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha berilgan tavsiyalar kelgusidagi ish faoliyatimizga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, – dedi “O‘zbekgidroenergo” AJ axborot xizmati rahbari Ravshan Boyqulov.
Energetika vazirligi axborot xizmati bosh mutaxassisi Obidjon Dilmurodov ham trening doirasida berilgan bilimlar amaliyotga yo‘naltirilgani bilan alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

– Mazkur treningning asosiy maqsadi axborot xizmatlari faoliyatidagi mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish, samarali muloqot mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish, yangi texnologiya va media vositalarini joriy etish, shuningdek, sun’iy intellektdan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat. Mutaxassislar mavzu yuzasidan atroflicha ma’lumot berdi. O‘ylaymanki, tadbir ishtirokchilar uchun har jihatdan samarali va foydali bo‘ldi, – dedi u.
Trening davomida ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashish, sohadagi mutaxassislar bilan muloqot qilish va dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish imkoniga ega bo‘ldi. Bunday tadbirlar axborot xizmatlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA