O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, matbuot kotiblari, jurnalistlar hamda noshirlar bilan uchrashdi.
Muhim vazifalar ijrosi muhokama qilindi, mavjud muammolarni hal etish haqida fikr almashildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi mahalliy davlat hokimiyati organlari, tashkilot va idoralarning axborot xizmatlari rahbarlari bilan tanqidiy ruhda o‘tgan uchrashuvda matbuot kotiblarining ommaviy axborot vositalari, blogerlar bilan o‘zaro hamkorligi, e’lon qilingan tanqidiy yoki yolg‘on axborotlarga o‘z vaqtida munosabat bildirish, veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlar bilan samarali ishlash kabi masalalar muhokama qilindi.
AOKA rahbari tashkilotlar veb-saytlari bilan jiddiy shug‘ullanmayotgan matbuot kotiblarini tanqid ostiga oldi.
Ta’kidlanganidek, rasmiy axborotlar ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalardan tashqari tashkilot veb-saytiga ham joylashtirilishi shart. Shu bois bu masalaga jiddiy e’tibor qaratilishi lozim. Bundan tashqari, OAV hamda blogerlar yaqindan hamkorlik qilish, materiallar tayyorlashda video, audio, infografikalardan keng foydalanish — davr talabi. Matnda berish qiyin bo‘lgan ma’lumotlarni bitta infografika orqali uzatish mumkin. Axborot xizmatlari endi eskicha uslubda ishlashdan voz kechib, zamonaviy texnologiyalar imkoniyatidan foydalanishlari lozim.
Suhbat davomida matbuot kotiblari oldida turgan boshqa eng dolzarb vazifalar haqida so‘z bordi.
Ommaviy axborot vositalari hamda nashriyot-matbaa korxonalari vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuv ham bugungi kungi muammolar yechimiga bag‘ishlandi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA
rasmi fototahririyatda