Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Axborot xavfsizligi masalasiga bag‘ishlangan ilmiy-ekspert forumi
21:19 / 2022-09-06

6 sentyabr kuni Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotining axborot xavfsizligi bo‘yicha ilmiy-ekspert forumi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi hamda SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Gibrid formatda tashkil etilgan yig‘ilishda SHHTga a’zo davlatlarning tegishli vazirlik, idoralari, ilmiy-akademik va tahliliy doiralari vakillaridan iborat 30 nafardan ziyod yetakchi ekspertlar ishtirok etdi.

Anjuman kun tartibidan raqamlashtirish sohasidagi so‘nggi tendensiya va yutuqlarni muhokama qilish, shuningdek, SHHT makonida inson huquqi va uning ustuvorligini ta’minlash sharoitida axborot va kiber xavfsizlik ortidan yuzaga kelayotgan tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha ilg‘or milliy tajribani taqdim etish masalalari o‘rin oldi.

Forumning ochilish qismida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov SHHT davlatlari axborot sohasidagi zamonaviy chaqiriq va tahdidlarga qarshi kurashning muvofiqlashtirilgan mexanizmini ishlab chiqishi kerakligini ta’kidladi.

– Mazkur tadbir axborot sohasidagi tahdidlarga har tomonlama qarshi turishning qat’iy yondashuvi, mexanizmi va vositalarini izlashga qaratilgan, – dedi E.Aripov. – Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlaydi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantiradi. Eng muhimi, odamlarga yangi bilim va ko‘nikmalar beradi.

Darhaqiqat, bugun tashkilot axborot xavfsizligi sohasida ilg‘or tajribaga ega. Bunga a’zo davlatlarning axborot xavfsizligi masalalari bo‘yicha amaliy hamkorlikka yo‘naltirilgan muhim tashabbuslari yordam beryapti.

[gallery-8675]

Axborot xavfsizligi masalasiga bag‘ishlangan ilmiy-ekspert forumi 6 sentyabr kuni Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotining axborot xavfsizligi bo‘yicha ilmiy-ekspert forumi bo‘lib o‘tdi.

Ishtirokchilar shu yil iyunda poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan guruhning so‘nggi yig‘ilishida, ayniqsa, hamkorlikni faollashtirish, tashkilotga a’zo mamlakatlarning texnologik va kadrlar salohiyatini mustahkamlash kabi tashabbuslar ko‘tarilganini esladi.

– bugungi kunda kiberjinoyatchilik xalqaro huquqning eng yosh va jadal rivojlanayotgan faoliyati ekani ma’lum. Shu bois bu boradagi hamkorlikni chuqurlashtirish davlatlararo talab qilinadigan eng muhim yo‘nalishlardan biri, – deya fikr bildirdi SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasi direktori Ruslan Mirzayev.

Mavjud tahdidlarga qarshi turish uchun nafaqat faol hamkorlik, balki xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladigan xalqaro huquqiy bazani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish kerakligi alohida ta’kidlandi.

Qisqa qilib aytganda, muloqot mazmuni axborot xavfsizligi – shaxs, jamiyat va davlat hayotini ta’minlashning ajralmas qismi, degan yakdil jumla bilan e’tirof etildi. Qolaversa, butun dunyoda raqamli texnologiyalarni joriy etish va onlayn faollik jarayonining barqaror rivojlanishi kuzatilayotgan bir paytda mazkur forumning tashkil etilishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Forumning ikkinchi qismida “Axborotdan foydalanish ko‘lamini kengaytirish – zamonaviy jamiyatni rivojlantirishning muhim omili”, “Axboriy-g‘oyaviy xatarlar va bunday tahdidlarga qarshi samarali javob choralarini ishlab chiqish”, “AKT jadal rivojlanishi sharoitida nozik axborot infratizimi ob’ektlarini himoya qilish” mavzulariga bag‘ishlangan sessiya yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi.

Axborot tizimini kiber xavfdan himoya qilish masalasi dolzarbligicha qolayotgani to‘g‘risida so‘z borar ekan, mutaxassislar energetika, sanoat, mudofaa sohalari va davlat sektori eng ko‘p hujumga uchrayotgan tarmoqlar sifatida ko‘rsatildi.

Shu sababli mazkur tadbir mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va SHHTga a’zo davlatlarning axborot va kiber makondagi xatarlarga qarshi kurashish uchun samarali platforma bo‘ladi, degan umiddamiz.

Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA muxbiri