O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida axborot texnologiyalari yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 14 apreldagi PF-106-son Farmoni bilan tashkil etilgan Termiz shahar ixtisoslashtirilgan maktabi va Guliston shahar 2-son ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning filiallari sifatida qayta tashkil etiladi.
Mazkur qarorga ko‘ra:
Toshkent shahridagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab axborot texnologiyalari yo‘nalishi bo‘yicha tayanch maktab hisoblanadi;
tayanch maktab direktori va filial ijrochi direktori Agentlik direktori tomonidan tayinlanadi;
tayanch maktabga va filiallarga rahbar kadrlar ikki bosqichli (saralash va suhbat), pedagog kadrlar uch boskichli (saralash, test sinovi va suhbat) tanlov asosida ishga qabul qilinadi;
tayanch maktabga va filiallarga bir sinfda o‘quvchilarning eng ko‘p soni 24 nafardan oshmasligini hisobga olgan holda, qabul parametrlari Agentlik tomonidan belgilanadi;
filiallarga o‘quvchilar tayanch maktab uchun belgilangan tartib asosida saralab olinadi;
filiallarda o‘quvchilar uchun autsorsing asosida belgilangan tartibda bepul sog‘lom ovqatlantirish tashkil etiladi;
filiallarning qurilish ishlari tayanch maktabning sharoitidan kam bo‘lmagan yagona yondashuv asosida 2025 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari tomonidan Agentlik bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;
filiallar zamonaviy talablarga muvofiq plastik qoplamali (HPL panel) sinf stoli, plastik qoplamali egri yelimlangan fanerali sinf stullari bilan jihozlanadi.
2025 yil 1 avgustga qadar tayanch maktab hamda filiallar uchun lavozimlar va shtat birliklarining namunaviy shtat jadvali tasdiqlanadi.
O‘quvchilarning innovatsion g‘oyalari va ishlanmalarini rivojlantirish, zamonaviy kasblarga o‘rgatish uchun ularning qiziqishi va qobiliyatlarini inobatga olgan holda zarur shart-sharoitlar yaratiladi.
Matematika, informatika va axborot texnologiyalari, robototexnika fanlari qo‘shimcha o‘quv dasturlari asosida o‘qitilishini ta’minlanadi.
2025 yil 1 avgustga qadar axborot texnologiyalari yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim dasturlarini IT bozorida yuqori talabga ega kasblarga o‘qitish dasturlari va o‘quv qo‘llanmalaridan kelib chiqqan holda takomillashtiriladi.
2025 yil 1 sentyabrga qadar filial sifatida tashkil etilayotgan Nukus shahar 2-son, Andijon shahar 2-son hamda Samarqand shahar 2-son ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarining tabiiy fanlar yo‘nalishida ta’lim olayotgan o‘quvchilari Agentlik tizimidagi boshqa maktablarga joylashtiriladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 1 apreldagi PF-55-son Farmoni bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 14 apreldagi PF-106-son Farmonining 4 va 7-ilovalariga muvofiq qurilishi nazarda tutilgan 13 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internat negizida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning filiallarini tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 14 apreldagi PF-106-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasiga zarur hollarda, mazkur Farmonning 1 — 4-ilovalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari taklifiga asosan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida tashkil etiladigan ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va ixtisoslashtirilgan maktablar sonini oshirish huquqi berilgan edi.
O‘zA