Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Axborot texnologiyalari sohasida yuksak salohiyatli yoshlarimiz safi yanada kengayadi
10:35 / 2021-01-09

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Yoshlari forumida mamlakatimizda IT sohasini rivojlantirish, mazkur yo‘nalishda yosh, malakali kadrlar tayyorlash xususida alohida to‘xtaldi.

Jumladan, Prezidentimiz o‘z nutqida:

“Bu ishlarni davom ettirgan holda, kelgusi yilda 100 dan ziyod shahar va tumanlarimizda “IT”ni chuqur o‘rgatadigan zamonaviy o‘quv markazlarini tashkil qilamiz.

Shu maqsadda, yangi yildan Toshkent viloyatida Axborot texnologiyalari universiteti filiali hamda barcha hududlarda mazkur yo‘nalishda texnikumlar o‘z faoliyatini boshlaydi.

Shuningdek, keyingi yildan yoshlarimizga xalqaro “IT” sertifikatlarini olish xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismi byudjetdan qoplab beriladi.

Yaqin ikki yilda “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 300 ming nafar yoshlar kompyuter dasturlash asoslariga bepul o‘qitiladi” deya IT sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq takliflarni ilgari surdi.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlashim joizki, viloyatimizda bu borada e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 avgustdagi “Andijon viloyatida axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan texnologik parkni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bilan Andijon shahrida Digital City (Raqamli shaharcha) tashkil etildi. Bu yerda yiliga 1216 nafardan ortiq malakali kompyuter dasturchilari tayyorlanadi.

Tashkil etilgan texnopark o‘tgan qisqa davr ichida o‘z samarasini bera boshladi. Xususan, texnopark tomonidan robototexnika, veb va mobil dasturlash, 3D-dizayn, grafik dizayn va kibersport yo‘nalishlarida shu kunga qadar 200 nafarga yaqin yoshlar o‘qib, bilim va malakasini oshirdi.

Shuningdek, “O‘quvoromgoh, “Kibersport”, “Xakaton”, “Monterra”, “Yunikorns”, “Ayti akademiya”, “Robodey” singari loyiha va tadbirlarga 3 ming 200 nafardan ziyod iqtidorli yoshlar qamrab olindi.

Texnopark mutaxassislari tomonidan hozirgi kunga qadar 7 ta yangi loyiha doirasida “Mahalla”, “Tomorqa”, “Mehnat”, “Shifoxona”, “Xonobod Tur”, “Uy- joy” va “IT- test” axborot tizimlari ishlab chiqildi. Ularni amaliyotga tatbiq etish ishlari olib borilmoqda.

Viloyatning 16 ta tuman va shaharda “Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari” tashkil etish borasida ishlar olib borilmoqda. Xususan, Andijon, Xonobod shaharlari, Buloqboshi, Asaka, Shahrixon, Izboskan, Bo‘ston, Ulug‘nor, Qo‘rg‘ontepa va Marhamat tumanlarida raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 oktyabrdagi “Axborot texnologiyalari sohasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Andijon shahridagi 54- umumta’lim maktabi negizida axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan tayanch maktabni tashkil etilmoqda. Ayni paytda IT maktabi uchun zarur jihoz va kompyuter texnikalari xarid qilindi. Yaqin kunlarda maktab o‘z faoliyatini boshlaydi.

Barcha tuman va shaharlarda esa viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda 16 ta “Digital-School” tashkil etildi. Maktablarda bir vaqtning o‘zida 320 nafar yosh axborot texnologiyalari bo‘yicha saboq olish imkoniga ega bo‘ladi.

Yoshlarning bu kabi zamonaviy kasblarni egallashlari kelajakda ularni ish bilan ta’minlash va yurtimizning AKT mutaxassislari bo‘yicha eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar butun mamlakatimizda, shu jumladan, Andijonda ham IT sohasida yuksak salohiyatli, malakali yosh mutaxassislar safini yanada kengaytirmoqda.

 

Ziyodulla SAMATOV,

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Andijon viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i.

O‘zA