Jizzax viloyatida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohasida so‘nggi yillarda sezilarli o‘sish kuzatilmoqda.
O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil yanvar – avgust oylarida mamlakatda AKT xizmatlari hajmi 48,2 trillion so‘mga yetdi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21,2 foizga ko‘pdir.
Shu davrda Jizzax viloyatida aloqa va axborotlashtirish xizmatlari hajmi 664,6 milliard so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich viloyatda raqamli infratuzilmani kengaytirish, internet tarmog‘ini takomillashtirish, mobil aloqa sifatini oshirish hamda yangi IT-loyihalarni faol joriy etish natijasi sifatida baholanmoqda.
Jizzaxda “Raqamli shahar”, “Smart hudud” va “Elektron maktab” kabi loyihalar bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilib, axborot texnologiyalari sohasida yangi imkoniyatlar yaratilmoqda. Yoshlar o‘rtasida dasturlash, robototexnika va sun’iy intellekt sohalariga qiziqish ortmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Jizzax viloyatining strategik joylashuvi, yangi texnoparklar va sanoat zonalari axborot texnologiyalari talabini oshirishga xizmat qiladi. Bu esa kelgusida viloyatning raqamli sektori rivojlanishiga zamin yaratadi va iqtisodiyotning barqaror o‘sishiga yordam beradi.
A.Qayumov, O‘zA