Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Axborot texnologiyalari marafoni tashkil etildi
20:46 / 2023-11-29

Sohaga berilayotgan e’tibor mahsuli

Bugun yurtimizda axborot texnologiyalari sohasini iqtidorli, aql-zakovatini namoyish etayotgan yoshlarsiz tasavvur qilib bo‘lmasa kerak.

So‘nggi olti yilda sohaga katta miqdorda investitsiya yo‘naltirildi. Bu boradagi ishlar izchil davom etayotgani quvonarli.

Prezident tashabbusi bilan barcha hududlarda IT-parklar tashkil etildi. Buning natijasida 14 ming nafardan ziyod yigit-qiz yuqori daromadli ishga ega bo‘ldi.

Ayni jarayonning ajralmas qismi sifatida turli tashkilotlar, xalqaro tuzilmalar hamkorligida ko‘plab yangi loyihalar, yoshlar tashabbusi doirasida dasturlar        yo‘lga qo‘yilmoqda, musobaqalar uyushtirilmoqda.

O‘tgan yil IT-park rezidentlari 5 trillion so‘mlik xizmat ko‘rsatgani, 140 million dollarlik xizmatni eksport qilgani esa ushbu sa’y-harakatlar samrasidan dalolat.

Kuni kecha Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filialida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda “Hack4 Digital Villages” – dasturchilar mintaqaviy forumi o‘tkazildi.

IT-Park va “CGIAR Accelerate for Impact Platform” ko‘magida tashkil etilgan tadbirda respublikaning barcha hududlaridan anjumanda qatnashish istagini bildirgan 244 vakil orasidan saralab olingan 103 nafar mutaxassis ishtirok etdi. Ulardan 36 jamoa shakllantirildi.

Har bir jamoa issiqxonani boshqarish, suvdan samarali foydalanish va yerni sug‘orish, pestitsidni nazorat qilish,  qishloq xo‘jaligida biznesni rivojlantirish uchun ta’lim yo‘nalishlaridan biri bo‘yicha loyiha ustida ish olib borgan.

Yuqori tayyorgarlikka ega va professional raqobatchilardan 16 jamoa final taqdimotiga yetib keldi. Hakamlar hay’ati tomonidan baholash natijasiga ko‘ra, besh jamoa xakaton g‘olibiga aylandi.

“Smart Greenhouse” loyihasi bilan birinchi o‘rinni egallagan “Everest” jamoasi smartfon orqali masofadan boshqariladigan avtomatik shamollatish, sug‘orish va isitish tizimi yordamida issiqxonadagi jarayonni avtomatlashtirishga muvaffaq bo‘lgan. Bundan tashqari loyihada issiqxonani qo‘shimcha isitish uchun aqlli tizim amalga oshirilgan va kundalik statistik ma’lumotni qayd qilib borish yo‘lga qo‘yilgan.

“Green Spring” jamoasining bog‘, issiqxona va dalani masofadan turib nazorat qilish, tuproqning holati va barcha parametrlarini telefondagi ilova orqali o‘lchash loyihasi ikkinchi o‘rinni oldi.

“Curved” jamoasining “Green Guardia” nomli loyihasi esa uchinchi o‘ringa loyiq deb topildi. Bu topilma ekish va yig‘im-terim ma’lumotini boshqarish, telemetriya, diagnostika uchun o‘simlikni suratga olish, dehqonchilik sohasiga kirishni yengillashtirishga yordam beradi.

“Robo Group” jamoasining issiqxonadagi harorat va namlikni masofadan nazorat qilish, isitish uchun ketadigan xarajatni kamaytirishga yordam beradigan haroratni avtomatik sozlash va ushlab turish, “Upgrade” jamoasining murakkab tahlilni amalga oshira oladigan, tuproq sensori o‘rnatilgan sun’iy intelllekti – “Smart Farm” loyihalari ham e’tirof etildi.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad g‘oliblarga o‘z g‘oyalarini haqiqiy biznesga aylantirish, ishlanmalar asosida bilimni kengaytirish imkonini berishdir.

FAO va IT-Park mutaxassislari tomonidan bellashuv ishtirokchilari uchun vebinar ham uyushtirildi. Anjumanda xakaton musobaqasi haqida ma’lumot berildi, fermerlar muammolari yuzasidan fikr almashildi. Ishtirokchilarga fermerlar va murabbiylar bilan bevosita muloqot qilish imkoni taqdim etilgani ham ayni muddao, deyish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, FAOning O‘zbekistondagi “Digital Villages Initiative” tashabbusi qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini oshirish, fermerlarning raqamli xizmatdan foydalanish imkoniyatini kengaytirish va Farg‘ona vodiysi qishloqlarida turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan.

Ushbu tashabbus jamoatchilik ishtirokiga asoslangan bo‘lib, qishloq aholisi, ayniqsa, yoshlar jamoalari duch keladigan muammolarni birgalikda aniqlash va hal qilishga xizmat qiladi.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA