Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida “Hududgazta’minot” AJ matbuot xizmati hamda jamiyatning hududiy filiallari matbuot kotiblari ishtirokida media-seminar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir jamiyatning axborot siyosati samaradorligini oshirish, aholiga o‘z vaqtida va aniq ma’lumot yetkazishda matbuot kotiblari faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida uyushtirildi.
Seminarning birinchi qismida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mutaxassislari tomonidan matbuot kotiblari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish, inqirozli vaziyatlarda samarali kommunikatsiya yuritish va axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlar berildi.

Ikkinchi bosqichda ishtirokchilar rasmiy veb-saytlar bilan ishlash, axborotni tarqatishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish, ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat yuritish kabi mavzularda amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdilar. Shuningdek, ma’lumot tarqatishda yo‘l qo‘yiladigan xato va kamchiliklarni tahlil qilish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
“Hududgazta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Dilorom Jumaniyozovaning qayd etishicha, tashkilot faoliyatini keng jamoatchilikka yetkazishda matbuot kotiblarining alohida o‘rni bor.
–Tashkil etilgan ushbu seminar media ko‘nikmalarni oshirishda muhim hisoblanadi. Biz ushbu tadbirda nafaqat o‘z bilim va tajribamiz bilan bo‘lishamiz, balki o‘zaro yaqin muloqot qilamiz va birgalikda muammolarga yechim izlaymiz. Bu esa bizga iste’molchilar ehtiyojini o‘rganishda qo‘l keladi. Umuman olganda, media savodxonlik axborot va xabarlarni tayyorlashda eng muhim talabdir, – dedi D. Jumaniyozova.

Tadbir doirasida ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashish, keyslar ustida ishlash, kelgusidagi hamkorlik rejalari bo‘yicha fikr bildirish imkoniga ega bo‘ldilar.
Seminarning ijtimoiy-madaniy qismi ham qizg‘in o‘tdi. Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi bilan hamkorlikda sport musobaqalari, intellektual o‘yinlar va sog‘lomlashtirish tadbirlari tashkil etildi. Bu esa jamoa o‘rtasida do‘stona muhitni yanada mustahkamlashda ahamiyatlidir.
Tadbir yakunida ta’kidlanganidek, mazkur seminar matbuot kotiblari uchun nafaqat yangi bilim va ko‘nikmalar, balki ilhom va innovatsion g‘oyalar manbai bo‘ldi.

N. Ziyodullayeva, O‘zA