Mamlakatimizda ommaviy sportni rivojlantirishda sport ta’lim muassasalarining allohida o‘rni bor. Davlatimiz rahbari tomonidan 2022 yilda imzolangan “Davlat sport-ta’lim muassasalari faoliyatini mutlaqo yangi tizim asosida tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida sport ta’lim muassasalarining ish tizimida samaradorlikka erishishda axborot-resurs markazlarining alohida o‘rni borligi ta’kidlangan.
Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida mamlakatimizdagi axborot-resurs markazlari xodimlarining malakasini oshirish maqsadida onlayn tarzda o‘tkazilayotgan o‘quv-seminarda shu haqda so‘z bordi.

O‘quv-seminarda Sport vazirligi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari M.Arziqulov hamda Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti prorektori A.Amonov sport-ta’lim muassasalari faoliyati rivojlanishining o‘rta va uzoq muddatli istiqbollarini belgilashda, olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilar zaxirasini tayyorlashda jismoniy tarbiya va sportga bag‘ishlangan o‘quv uslubiy qo‘llanmalarning ahamiyati, axborot-resurs tizimida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar xususida so‘z yuritdi.

Savol-javoblarga boy tarzda kechgan seminar jarayonida mutaxassislar axborot-resurs manbalarini jamlash, tarqatishda kommunikatsiya tizimlaridan foydalanishning ustuvor masalalariga to‘xtaldi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA