Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida axborot- resurs markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 320 million so‘mlik yengil konstruksiyali loyiha asosida bunyod etilgan yangi kutubxonada kitobxonlar uchun qulay sharoit yaratildi. Kutubxona ayni paytda 36 mingdan ziyod badiiy, ijtimoiy-siyosiy, o‘zbek va jahon adabiyoti hamda bolalar uchun turli xil kitoblardan iborat adabiyotlar bilan ta’minlandi. 19 nafar mutaxassislar o‘z ish faoliyatini boshlagan yangi ziyo maskanida WI-FI tarmog‘i yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 1500 dan ziyod adabiyotlarning elektron nusxasi shakllantirilgan.
Ma’rifat maskanining yangi binosi ochilish marosimida tuman hokimligi vakillari, faollar, nuroniylar va yoshlar vakillari ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilari mazkur ziyo maskanida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari va kitobxonlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishishdi. Suhbatlarda yurtimizda kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilayotgan e’tibor haqida so‘z borib, bu islohotlarni tumanda yanada keng tadbiq etish borasida kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.
Joriy yilgi “Yosh kitobxon” va “Yosh kitobxon oila” tanlovi respublika bosqichi g‘oliblari ustoz-shogird Muxammadfozil Ismoilov va Abdullajon Niyozmatovlar o‘z izdoshlariga kitobxonlik madaniyatini oshirish yuzasidan tavsiyalar berdi.
M. Sulaymonov, O‘zA