French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Axborot makonidagilar sport maydonlarida
18:12 / 2025-06-25

Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni  munosabati bilan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi hamda  viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda jurnalist va blogerlar, matbuot kotiblari ishtirokida bir qator tanlov va sport musobaqalari, madaniy tadbirlar uyushtirildi.

Jumladan, Pastdarg‘om tumani hokimligi bilan hamkorlikda mazkur tumanda “Zakovat” intellektual o‘yini hamda futbol musobaqasi tashkil etildi.

– Kasb bayramimiz arafasida soha vakillarini bir joyda jamlab bu kabi tanlov va musobaqalarning o‘tkazilishi, avvalo, hamjihatlikni ta’minlashga xizmat qiladi, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi raisi Akram Haydarov. – Qolaversa, o‘zimiz aytayotgan, yozayotgan fikrlarimizga o‘zimiz amal qilayotganimizni ko‘rsatib, kitobxonlik va ma’rifatni, ommaviy sport va sog‘lom turmush tarzini yanada keng targ‘ib etyapmiz. Eng muhimi, hamkasblarimiz bir-birlari bilan o‘zaro fikr, tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. 

[gallery-24048]

“Zakovat”chilar bahsida gazetalar muxbirlaridan iborat "Gazeta o‘qing!” jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. 

Futbol bellashuvlarida respublika ommaviy axborot vositalarining viloyatdagi muxbirlari, bosma nashrlar, axborot xizmatlari hamda televideniye jamoalari maydonga tushda. Murosasiz bellashuvlarda axborot xizmatlari xodimlari jamoasi g‘olib bo‘ldi. 

Viloyat soliq boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan stol tennisi va badminton musobaqalarida ham ijodkorlar kasb faoliyatidan ortib, sport bilan ham shug‘ullanishga vaqt topayotganligini namoyon etdi. Ushbu tadbirda ham eng yaxshi natija qayd etgan jurnalist va blogerlar, matbuot kotiblari tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi. 

Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasi sovrini uchun viloyat matbuot uyida o‘tkazilgan shaxmat va shashka bo‘yicha musobaqalarda yosh xodimlar bilan birga faxriylar ishtirok etib, “aql gimnastikasi”da shogirdlariga o‘ziga xos mahorat saboqlarini o‘tib berishdi.

– Yosh shaxmatchilarimizning xalqaro musobaqalarda erishayotgan yuksak natijalari, yangi nomlarning kashf etilayotgani tufayli bugun shaxmat yurtimizdagi eng ommabop sport turlaridan biriga aylandi, – deydi “Ovozi tojik” gazetasining Samarqand viloyati bo‘yicha muxbiri Zohir Hasanzoda. – Shuning uchun bayram va muhim sanalarda ijodkorlar o‘rtasida shaxmat musobaqasi o‘tkazilishi ham an’anaga aylanib qoldi. Tadbir bahonasida do‘stlar bilan uchrashyapmiz, yosh ijodkorlarga o‘z tajribalarimiz haqida gapirib beryapmiz. Yaxshi shaxmat o‘ynagan jurnalist kasbiy faoliyatida ham murakkab vaziyatlardan qanday chiqib ketishni puxta o‘zlashtirib oladi. 

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari