Aholi o‘rtasida kitobxonlikni keng ommalashtirish, targ‘ib etish va rag‘batlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Buning uchun axborot-kutubxona markazlari faoliyatini takomillashtirish, kitobxonlar uchun sharoitlar yaratish, ularga eng sara asarlarni taqdim etish, umumta’lim maktablari kutubxonalari faoliyatini rivojlantirish muhim hisoblanadi.
Shuningdek, ko‘zi ojizlar uchun mo‘ljallangan brayl alifbosidagi kitoblarni nashr qilish va bu toifadagi kitobxonlarga zarur sharoitlarni yaratib berish dolzarb masalalardandir.
Kitobxonlikni qo‘llab-qo‘vvatlash, yoshlar ma’naviyatini yanada yuksaltirishga ko‘maklashishni maqsad qilgan «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi bu yo‘nalishda bir qator amaliy sa’y-harakatlarni yo‘lga qo‘ygan. Partiya Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i Abu Muslim Usmonov bu boradagi ishlar haqida ma’lumot berdi:

— «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining 2025–2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida axborot-kutubxona sohasini rivojlantirish, kitobxonlikni ommalashtirish va rag‘batlantirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilangan. Mazkur vazifalardan kelib chiqib, partiya vakillari, fraksiya a’zolari hamda mahalliy Kengashlar deputatlari ishtirokida «2019-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasida axborot-kutubxona sohasini rivojlantirish Konsepsiyasi» ijrosi bo‘yicha Samarqand, Jizzax, Buxoro, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahridagi axborot-kutubxona markazlari, umumta’lim maktablari kutubxonalari hamda ko‘zi ojizlar uchun mo‘ljallangan kutubxonalarda nazorat-tahlil tartibida o‘rganishlar o‘tkazildi.
Ayni paytda o‘rganishlarda aniqlangan muammo va kamchiliklarni parlament va mahalliy Kengash vakolatlari doirasida hal qilish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, xalq deputatlari Guliston, Oqoltin va Yangibozor tuman Kengashlaridagi partiya guruhlari tomonidan Kengash sessiyalariga ushbu masalalar kiritilib, tegishli sessiya qarorlari qabul qilinishiga erishildi.

Ta’kidlash lozim, bugungi kunda partiya tomonidan Saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarda nazorat-tahlil tartibida o‘rganishlar olib borish va ularning natijalariga asoslangan holda mahalliy Kengashlarda masalalarni ko‘tarish, sessiyalar orqali tegishli qarorlar qabul qilinishiga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Muammolarning tizimli yechimi hisoblangan ushbu amaliyot nafaqat muayyan sohada mavjud kamchiliklarni aniqlash va ularni hal etish uchun vosita bo‘lib xizmat qiladi, balki vakillik va ijro organlarining mas’uliyatini kuchaytirish, deputatlik korpusi faoliyatining samaradorligi hamda ta’sirchanligini oshirish, eng muhimi, fuqarolar manfaatlarini ifoda etishga xizmat qiladigan qonunchilik tashabbuslarini rag‘batlantirishda ham muhim o‘rin tutadi.
Endi xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari tomonidan sessiyalarda qabul qilingan mazkur qarorlarning ijrosini monitoring qilish, doimiy deputatlik va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish muhim vazifa sanaladi, — deydi partiya vakili.
Darhaqiqat, joylarda axborot-kutubxona tizimidagi o‘rganishlar, aniqlangan muammolar Kengashlarda keng muhokama qilinishi ushbu yo‘nalishda o‘z yechimini kutayotgan masalalarning hal etilishida hamda kitobxonlikni ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhtarama Komilova, O‘zA