Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Axborot kutubxona markazi yangi binoda ish boshladi
10:09 / 2020-11-23

Jizzax viloyati Baxmal tumani markazi O‘smat shaharchasida tuman axborot kutubxona markazining yangi binosi ochildi.

Yangi bino ochilishi tuman hokimi Musa Anorboyev Prezidentimizning 2019 yil 7 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib, ushbu ziyo maskanining yangi binoda ish boshlashi hudud madaniy, ma’naviy-ma’rifiy hayotida muhim voqea bo‘lganligini ta’kidladi.  

Hozirgacha tuman xalq ta’limi bo‘limi idorasida faoliyat yuritib kelayotgan markazda kitobxonlar uchun sharoit yo‘q edi. Tuman hokimligi tomonidan bo‘sh turgan bino ajratilib, kutubxonaga moslab qayta rekonstruksiya qilinishi kitobxonlarga katta qulaylik yaratdi.

Kutubxona uchun ajratilgan binonida mahalliy byudjet va homiylik mablag‘lari hisobidan 710 million so‘mlik kapital rekonstuksiya ishlari amalga oshirildi. Binoni qayta qurish davomida kutubxona xizmati talablariga javob beradigan barcha sharoitlar, qulayliklar yaratilib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi. Eng muhimi – kitob fondi yanada boyitildi.  

 Yangi ziyo maskani ishga tushishi munosabati bilan muassasaga viloyat axborot-kutubxona markazi tomonidan O‘zbekiston milliy ensiklopediyasining 12 tomdan iborat to‘liq to‘plami, 44 tomlik O‘zbekiston adabiyoti xristomatiyasi va 2 ming dona badiiy adabiyotlar to‘plami berildi. Bundan tashqari, tuman hokimi va viloyat axborot-kutubxona markazi mutasadilari har oyda shunga teng miqdorda kitoblarni almashtirib turish bo‘yicha kelishib olishdi.  

Ayni paytda tuman axborot kutubxonasining kitob fondini 1 ming 600 dan ziyod nomdagi 10 ming 427 nusxada badiiy adabiyotlar va darsliklar tashkil etayotir.  

Kutubxona fondini to‘ldirishda bugungi kitobxonlarning, ayniqsa yoshlarning ehtiyoj va qiziqishlari hisobga olingan. Kutubxona fondidagi kitoblarning 6 ming 404 tasi lotin, 3 ming 873 tasi krill alifbosidagi adabiyotlardan iborat. Shuningdek, bugungi yoshlarning talablari hisobga olinib fondga rus, ingliz tilidagi kitoblar ham olingan.

Shuningdek, mussasada kitoblarning elektron shaklidan, internetdan foydalanish uchun maxsus o‘quv zali faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu zalda axborot texnologiyalari vositasida istalgan kitobni olib o‘qish mumkin.  

Ochilish marosimi ishtirokchilari kutubxonaning kitob fondi, faoliyati, xizmatlar bilan tanishdi. Marosimda qatnashgan viloyat ahborot kutubxona markazi rahbari Hafiza Qudratovaning ma’lum qilishicha, barcha tumanlarda kutubxonalarni yangi binolar bilan ta’minlash ustida ish olib borilayotir.  

 

T. BEKNAZAROV, O‘zA