Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi boshlandi
17:56 / 2015-09-14

“ICTWEEK Uzbekistan – 2015” an’anaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi boshlandi. Uning dasturidan sohani yanada takomillashtirishga qaratilgan qator tadbirlar, aloqa va axborotlashtirish sohasidagi eng so‘nggi yutuqlar taqdimotlari, bir qancha tanlov va musobqalar o‘rin olgan.

“ICTWEEK Uzbekistan – 2015” an’anaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi boshlandi. Uning dasturidan sohani yanada takomillashtirishga qaratilgan qator tadbirlar, aloqa va axborotlashtirish sohasidagi eng so‘nggi yutuqlar taqdimotlari, bir qancha tanlov va musobqalar o‘rin olgan.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi, Komputerlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda boshqa ko‘plab hamkor tashkilotlar tomonidan tashkil etildi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida axborot sohasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar barcha sohalarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish va yanada rivojlantirish imkonini bermoqda. Davlatimiz rahbarining 2013-yil 27-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan 2013-2020-yillarda O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi qabul qilinishi mamlakatimiz axborot resurslari, tizim va tarmoqlarini jadal taraqqiy ettirishga xizmat qilayotir.

2004-yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “ICTWEEK Uzbekistan» haftaligi mutaxassislar va axborot texnologiyalari foydalanuvchilarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.

An’anaviy haftalikni 15-sentabr kuni Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkaziladigan “ICTExpo – 2015” axborot texnologiyalari milliy ko‘rgazmasi boshlab beradi. Bu hududlarda ham axborot texnologiyalarini joriy etish izchil ortib borayotganini ko‘rsatadi. Ko‘rgazmada axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bazasidagi ishbilarmon doiralar va hokimiyat organlari vakillari, shuningdek, aholi keng qatlamlari uchun mo‘ljallangan mavjud va istiqbolli xizmat turlari namoyish etiladi. 150 dasturiy ta’minot, tizimli integratsiya, statsionar va mobil aloqa kompaniyalari, internet-provayderlar, telekommunikatsiya va komputer uskunalari ishlab chiquvchilar hamda yetkazib beruvchilar o‘z mahsulotlarini taqdim qiladi. 

Haftalik doirasida o‘tkaziladigan “ICTFORUM–2015” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari forumida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi yetakchi kompaniyalar vakillari, soha ekspertlari va xorijiy mutaxassislar qatnashadi. Forumda O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning bugungi holati va istiqbollari, axborot texnologiyalarini davlat boshqaruviga joriy etishning muammo va yutuqlari, elektron ta’lim va undan foydalanish infratuzilmasini rivojlantirish masalasi muhokama etiladi. 

“BestSoft Uzbekistan” konferensiyasida milliy dasturiy ta’minot industriyasining eng so‘nggi yutuqlari namoyish etilib, uni rivojlantirishning dolzarb masalalari va istiqbollari ko‘rib chiqiladi. “eGovernment Uzbekistan” konferensiyasi ishtirokchilari «elektron hukumat» sohasidagi strategik vazifalar va bu boradagi loyihalarni amalga oshirish natijalarini muhokama qiladi, davlat va jamoatchilikning axborot texnologiyalari asosida o‘zaro hamkorligini mustahkamlash tajribasi va g‘oyalari bilan o‘rtoqlashadi.

“Startup” konferensiyasi doirasida yangi startaplar taqdimoti, soha mutaxassislarining mahorat saboqlari va dastlabki “StartupFactory.uz” akselerator dasturi bitiruvchilarining loyihalari namoyishi o‘tkaziladi. 

Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filialida tashkil etiladigan «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va turizm» mavzusidagi konferensiya forumning muhim voqealaridan biridir. Unda ishtirokchilar nafaqat mamlakatimiz, balki jahon sayyohlik markazlaridan biri bo‘lgan ushbu qadimiy shaharning ulkan sayyohlik salohiyati bilan tanishib, bu borada zamonaviy IT-echimlarni qo‘llash tajribasini muhokama qiladi. 

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida yana bir qancha tanlov va musobaqalar ham bo‘lib o‘tadi. Jumladan, oliy o‘quv yurtlari talabalari, maktab, kollej va litsey o‘quvchilari o‘rtasida “BestSoft Challenge” dasturchilar tanlovi g‘oliblari taqdirlanadi. Tanlov elektron tijorat sohasidagi eng yaxshi yechim, ta’lim sohasidagi eng yaxshi loyiha, komputer, brauzer va mobil o‘yinlar ishlanmasi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazildi. 

Bundan tashqari, kiberfutbol bo‘yicha “Uzbekistan Cyber Games FIFA-15” O‘zbekiston kubogi bellashuvlari bo‘lib o‘tadi. Musobaqalarda mamlakatimizning barcha fuqarolari ishtirok etishi mumkin. 

Shuningdek, mamlakatimizda internet-resurslarni yanada rivojlantirish maqsadida “MIT.UZ” yoshlar internet tanlovi ham o‘tkaziladi. Uning yakunlari haftalik doirasida sarhisob qilinadi. 

Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida “Intellect2All” tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tadi. Tadbirda veb-ilova, mobil ishlanmalar va virtual voqelik bo‘yicha ilovalar yaratish nominatsiyasida o‘zini namoyon etgan iqtidorli yoshlar aniqlanadi. 

15-17-sentabr kunlari “O‘zekspomarkaz”da haftalik doirasida yana bir tadbir – “Gadget Fair” gadjetlar yarmarkasi ham bo‘lib o‘tadi. Bu yerda yurtdoshlarimiz jahondagi yetakchi korxonalarda ishlab chiqarilgan eng so‘nggi rusumdagi telefon, smartfon va planshetlarni xarid qilishi mumkin. 

Haftalikning oxirgi kunida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha “ICTSUMMIT–2015” sammiti o‘tkaziladi. Bu tadbir mutaxassislar, davlat organlari va xalqaro tashkilotlar, xususiy sektor vakillariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bozoridagi bugungi ahvolni tahlil qilish, sohadagi so‘nggi yutuqlar bilan tanishish, samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada keng joriy etish uchun qo‘shimcha investitsiya resurslarini jalb qilish, joriy yilda IT-sohasini rivojlantirishga doir amalga oshirilgan ishlar yakunlarini sarhisiob qilib, istiqboldagi vazifalarni muhokama etish imkonini beradi.