Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Axborot hamkorlarimiz nigohida – Yangi O‘zbekiston
20:13 / 2025-11-19

Har qanday yangilikni dunyo afkor ommasiga yetkazishda axborot maydoni, xususan ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyos. Zero, hamkasblarimiz nafaqat xabar tarqatadi, balki jamiyat kayfiyatini uzatadi, islohotlarga nisbatan munosabat uyg‘otadi, davlat va jamoatchilik o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘taydi.

Mazkur ruknda O‘zAning xorijiy hamkorlari sahifalarida e’lon qilinayotgan Yangi O‘zbekistonga oid xabarlar, kuzatuv va baholar berib borilmoqda. Bu jarayon nafaqat xorijiy media vakillari nuqtai nazarini, balki o‘lkamiz haqidagi haqqoniy tashqi qarashlarni ham umumlashtiradi. Shu tariqa mamlakatimizning taraqqiyot yo‘li, ochiq siyosati va islohotlari xalqaro axborot makonida qanday tahlil qilinayotgani haqida muayyan tasavvur hosil qilish mumkin.

AzerTAJ: O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjon Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formatiga to‘laqonli ishtirokchi sifatida qo‘shilganini ma’lum qildi

Ozarbayjonning “AzerTAJ” davlat axborot agentligi yaqinda Toshkentda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida davlatimiz rahbari nutqidan iqtibos keltirgan. 

– Bugun bizning qardosh xalqlarimiz uchun haqiqatan ham tarixiy kun. Biz Ozarbayjon Respublikasini Maslahat uchrashuvlarimiz formatiga to‘la huquqli a’zo sifatida qabul qilish to‘g‘risida prinsipial qaror qabul qilmoqdamiz, - dedi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev. – Mohiyatan biz Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida mustahkam ko‘prik barpo etmoqdamiz, hamkorlikning yagona makonini shakllantirishga yo‘l ochmoqdamiz. Bu ikki mintaqaning strategik bog‘liqligi va barqarorligini kuchaytirishi shubhasiz.

Ushbu muhim qaror qabul qilingani uchun barcha hurmatli hamkasblarimga samimiy minnatdorlik bildiraman va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Geydarovich Aliyevni Maslahat uchrashuvlarimiz formatiga to‘la huquqli ishtirokchi bo‘lib qo‘shilgani bilan tabriklayman.

BelTA: Belarus va O‘zbekiston teatrlari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Belarus Respublikasi Madaniyat vaziri Ruslan Chernetskiy va O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov o‘rtasidagi ishchi uchrashuvda Belarus Katta teatri va A.Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi, deb yozmoqda “BelTA” axborot agentligi.

Xabarda ta’kidlanishicha, o‘zaro muloqot davomida O‘zbekiston davlat musiqali komediya teatri va Belarus davlat filarmoniyasi, O‘zbekiston Davlat filarmoniyasi va Belarus Milliy akademik xalq xori o‘rtasida hamkorlik va anglashuv memorandumlari ham imzolangan.

Shuningdek, tomonlar kino sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish, Belarus va O‘zbekiston teatrlari o‘rtasida gastrol almashinuvini rivojlantirish muhimligini tasdiqlagan.

– Xoreografiya bo‘yicha o‘qituvchilar tayyorlashda ikki mamlakat ixtisoslashtirilgan madaniyat muassasalari o‘rtasidagi sheriklikni kengaytirish masalasi muhokama qilindi. O.Nazarbekov madaniyat sohasiga axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishni taklif qildi, -deyilgan maqola yakunida.

APP: O‘zbekiston sportchilari Islom birdamlik o‘yinlarida ko‘plab g‘alabalarni qo‘lga kiritmoqda

Pokistonning “Associated Press of Pakistan” – APP axborot agentligi yozishicha, O‘zbekiston terma jamoasi Ar-Riyodda o‘tkazilayotgan Islom birdamlik o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirokini davom ettirmoqda.

Ta’kidlanishicha, taekvondo, qilichbozlik va yengil atletika bo‘yicha musobaqalarda yurtimiz sportchilari oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritib, umumiy medallar jadvalidagi o‘rnini mustahkamlagan. 

– Taekvondo WT bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Diyorbek To‘xliboyev yana bir oltin medalga ega chiqdi. U 67 kg vazn toifasida turkiyalik raqibini finalda mag‘lubiyatga uchratib, chempion bo‘ldi. Ushbu sport turida erkaklar o‘rtasida 82 kg vazn toifasida ishtirok etgan Marat Mavlonov finalda qozog‘istonlik raqibidan ustun kelib, bosh sovrinni qo‘lga kiritdi, - deyiladi maqolada.

Shuningdek, saytda sportchilarimizning ushbu ajoyib g‘alabalari O‘zbekistonning medallar jadvalidagi o‘rnini yanada yuksaltirayotgani ta’kidlangan.

TDH: Turkmaniston va O‘zbekiston yetakchilari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deb yozdi Turkmaniston Davlat axborot agentligi – TDH o‘z manbasida.

– Muloqot davomida tomonlar siyosiy-diplomatik aloqalarni kuchaytirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, energetika va transport sohalarini chuqur integratsiya qilish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, ekologik loyihalarni rivojlantirish hamda madaniy-gumanitar almashinuvni jonlantirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishdi, - deyilgan maqolada.

Xabarga ko‘ra, muzokaralarda mintaqani bog‘lovchi transport yo‘laklarini kengaytirish eng ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etilgan. Xususan, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Turkmaniston yo‘lagini rivojlantirish, Kaspiy dengizi va Fors ko‘rfaziga chiqadigan yo‘nalishlarni faollashtirish, shuningdek O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – O‘mon – Qatar transport koridorini tezroq ishga tushirish borasidagi qo‘shma harakatlarni jadallashtirishga kelishib olingan.

Tashrif chog‘ida Turkmaniston yetakchisi Serdar Berdimuhamedov O‘zbekistonning “Oliy darajadagi Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangani alohida e’tirof etilgan.

– Mazkur davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasida do‘stlik va strategik sheriklik mustahkamligidan dalolat berib, kelgusida siyosiy, iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi, - deyilgan maqola yakunida.

MONTSAME: Toshkentda 25-Markaziy Osiyo media konferensiyasi (CAMC 2025) o‘tkazildi

YeXHT OAV erkinligi bo‘yicha vakili idorasi (RFoM) tomonidan tashkil etilgan yig‘inda Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston fuqarolik jamiyati yetakchilari, media ekspertlari sun’iy intellektni boshqarish, qonunchilik asoslarini mustahkamlash, jurnalistlar xavfsizligini ta’minlash va mediasavodxonlik orqali dezinformatsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha fikr almashdi, deb xabar bermoqda Mo‘g‘ulistonning “MONTSAME” axborot agentligi.

Tadbirning ochilish marosimida EXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili Yan Bratxu, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffarbek Madrahimov va boshqa mutasaddi vakillar ishtirok etdi.

“Internews Europe” bosh ijrochi direktori Mera Selva ta’kidlashicha, OAV umumiy demokratik qadriyatlarga asoslanishi kerak. Faqat moliyaviy jihatdan barqaror matbuotning o‘zi yetarli emas, mustaqil jurnalistika ijtimoiy birdamlik, ishonch va demokratik mas’uliyatni ham mustahkamlashi kerak.

“Texnologiyalar va sun’iy intellekt” bo‘yicha sessiya davomida Yevropa institutining OAV plyuralizmi va erkinligi markazi ilmiy koordinatori Iva Nenadich sun’iy intellekt jurnalistik salohiyatni kengaytirishi va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashi mumkin bo‘lsa-da, jurnalistlar texnologiyaning kamchiliklari va ehtimoliy tarafkashlikdan ogoh bo‘lishlari kerak, deya fikr bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, oshkoralik kasbiy halollikni saqlash uchun muhim.

Shuningdek nashr konferensiya yakunida ishtirokchi davlatlar mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, mustahkam huquqiy asoslarni yaratish, jurnalistlar xavfsizligini kuchaytirish hamda Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston bo‘ylab demokratik boshqaruvning asosiy yo‘nalishi sifatida mustaqil ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish majburiyatini yana bir bor tasdiqlagani aytilgan.

O‘tkir Alimov tayyorladi.

O‘zA