Poytaxtimizdagi “JAR” sport-sog‘lomlashtirish majmuasi stadionida o‘zbek futbol sharhlovchilik maktabining asoschilaridan biri, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Axbor Imomxo‘jayev xotirasiga bag‘ishlab uchinchi marta o‘tkazilgan turnir takrorlanmas lahzalarni tuhfa etdi.
Turnir davomida nafaqat musobaqa g‘olib va sovrindorlari aniqlandi, balki millionlar o‘yini rivoji yo‘lida mehnat qilib kelayotgan mutaxassislar, sport jurnalistlari, futbol hakamlari, futbolga mehr qo‘ygan ko‘plab soha vakillari diydorlashdi, dildan suhbatlashishdi. Hamjihatlikda sog‘lom turmush tarziga oshno bo‘lishdi. Futbolni, salomatlik harakatini targ‘ib qilishdi. Ustoz xotirasini yod etishdi.
Murosasiz o‘tgan o‘yinlar davomida “A” va “B” guruhlarida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan “Bunyodkor” va O‘zbekiston futzal federatsiyasi (O‘FF) jamoalari bosh sovrin yo‘lida ro‘baro‘ keldi.
[gallery-25580]
Penaltilar seriyasigacha davom etgan qiziqarli o‘yinda O‘FF jamoasiga omad kulib boqdi va bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
Bronza medaliga da’vogarlik qilgan Milliy olimpiya qo‘mitasi va “Paxtakor” jamoalari o‘rtasidagi bahsda “paxtakor”chilar g‘alaba qozonib, 3-o‘rin sohiblari bo‘lishdi.
Turnirning 5-o‘rni uchun o‘tgan o‘yinda Axbor Imomxo‘jayevning farzandlari, nabiralari va yaqinlaridan tashkil topgan “Sulola” jamoasi “Sport.uz” vakillarini 9:3 ko‘rinishida dog‘da qoldirdi.
Tup o‘rarlar kurashida “Sulola” jamoasi a’zosi Doniyor Imomxo‘jayev 7 ta gol bilan yetakchilik qilgan bo‘lsa, keyingi pog‘onalarni MOQ vakili Ravshan Xursanov(5), O‘FF sardori Bekzod Mamatqulov(5), Sunnatilla Mamadaliyev(5) egalladi.
Taqdirlash marosimida ishtirok etgan Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston futbol faxriylari kengashi raisi To‘lagan Isoqov, futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoa bosh murabbiyi Temur Kapadze mazkur turnirning ahamiyati, uning yildan yilga an’anaviy tus olayotganligi ommaviy futbol harakatida muhim o‘ringa egaligini ta’kidlashdi.
T. Ro‘ziyev, A. Mamadaminov(foto), O‘zA