Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Axbor Imomxo‘jayev jisman oramizda bo‘lmasa-da, ruhan barhayotdir
00:16 / 2022-05-31

O‘zbek sport sharhlovchiligi maktabining asoschilaridan biri, futbol jurnalistikasining haqiqiy bilimdoni, taniqli futbol sharhlovchisi, Axbor Imomxo‘jayev olamdan o‘tdi...

Keksa avlod va bugun o‘rta yoshdagilar futbol o‘yinlarini aynan Axbor Imomxo‘jayev sharhida tinglab, ko‘rib, undan zavq olib voyaga yetgan.

Uning shirali, o‘ktam, har qanday insonni o‘ziga sehrlay oladigan ovozi, sof o‘zbekona talaffuzi, chuqur bilim darajasi, rosti, bugun faoliyat ko‘rsatayotgan uncha-muncha sharhlovchilarda, jurnalistlarda taassufki, yo‘q.

O‘zbekiston sporti, xususan, futbol jurnalistikasi o‘zining chinor ijodkoridan, betakror sharhlovchisidan, jonkuyar mutaxassisidan ayrilib qoldi.

Axbor Imomxo‘jayev 1936 yil 19 fevralida Toshkentda tavallud topgan. 1954–1956 yillarda Pedagogika bilim yurtida, 1959–1963 yillarda Jismoniy tarbiya instituti futbol bo‘limida ta’lim olgan.

Dastlab o‘rta ta’lim dargohlarida jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan. Keyinchalik hakamlik, sharhlovchilik va sport jurnalisti sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 
O‘zbekiston televideniyesi orqali namoyish etilgan “Quvnoq startlar”, futbol o‘yinlari, spartakiada o‘yinlari, turli sport musobaqalarining ilk sharhlari Axbor Imomxo‘jayevga tegishli. 

Umrining 60 yildan oshiq qismini o‘zbek futboli rivojiga bag‘ishlagan Axbor Imomxo‘jayev qator yillar O‘zbekiston televideniyesida, “Sport” va “O‘zbekiston futboli” gazetalarida. O‘zbekiston futbol federatsiyasida mehnat qildi. Yuzlab shogirdlarning kamol topishiga beqiyos hissa qo‘shdi.

Samarali va fidoyi mehnati davlatimiz tomonidan munosib e’tirof etildi. 1996 yili «Shuhrat» medali, 2006 yilda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi faxriy unvoni va bir qator diplom hamda faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi. 

Shuningdek, faoliyati davomida Turon fanlar akademiyasining akademigi, O‘zbekiston jurnalistlarining “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori bo‘ldi.

Axbor Imomxo‘jayevning “Futbol quvonchim, dardim, faxrim”, "Maftuningman futbol”, “O‘zbegimning Mirjaloli”, «Asr futbolidagi asl qadrdonlarim» kabi kitoblari bugun ham yoshlar, ming-minglab kitobsevarlar tomonidan sevib mutolaa qilinmoqda.

Benazir o‘qituvchi, yoshlarning mehribon murabbiyi, sport, futbol sohasining bilimdoni endi jisman oramizda bo‘lmasa-da, u kishining o‘gitlari, tarbiyalagan shogirdlari timsolida boshlagan ishlari bizu siz bilan ruhan barhayotdir.


O‘zA