Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Avvallari teatrlarga tomoshabin qiyinchilik bilan olib kelinardi...” – Azim Mullaxonov (+video)
16:16 / 2023-11-30

30 noyabr – Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri tashkil topgan kun

Teatr – har qanday davrda hayotiy saboqlar beruvchi jonli vosita hisoblangan. Ushbu san’atni rivojlantirish, yuksak badiiy-g‘oyaviy saviyaga ega sahna asarlarini yaratib, tomoshabinga taqdim etish chin ma’noda ma’naviyat sohiblarining ishidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 sentyabrdagi "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi to‘g‘risidagi farmonida zamonaviy teatr va sirk san’atini har tomonlama rivojlantirish, yuksak badiiy-g‘oyaviy saviyaga ega sahna asarlarini yaratish maqsadlari belgilangan. 

Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri yurtimizda musiqali drama taraqqiyotiga xizmat qilayotgan asosiy teatrlardan hisoblanadi. Ushbu ibrat maskani 1939 yil 30 noyabrda ilk spektaklini taqdim etgan. Teatr Hamza Hakimzoda Niyoziy qalamiga mansub “Maysaraning ishi” musiqali komediya premerasi bilan o‘z bag‘riga birinchi tomoshabinlarni chorladi. Shu kundan boshlab unda respublikamizning barcha viloyat musiqali teatrlari repertuarlari hamda qo‘shni davlatlar sahnalarida ham qo‘yilgan eng sara komediya va tragediyalar sahnalashtirilib borilmoqda.

Mamlakatimiz teatrlari faoliyatidagi yangiliklar, tomoshabinlar e’tiborini jalb etish, ma’naviy yuksak sahna asarlarini yaratish, yetkazib berish yuzasidan soha vakillari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida Muqimiy nomidagi O‘zbekiston​ davlat musiqali teatri direktori Azim МУЛЛАХОНОВнинг fikrlariga qiziqdik.

– Teatrimiz 80 yildan oshiq vaqt mobaynida xalqimizga xizmat qilib kelmoqda. Bundan faxrlanamiz. Chunki bu yerda nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoga mashhur san’at namoyandalari, ustozlar ijod qilishgan. Deylik, O‘zbekiston xalq artistlari Razzoq Hamroyev, Hamza Umarov, Soib Xo‘jayev va boshqalar...

Bugun ham teatrda ijod qaynayapti. Xususan, oxirgi paytlarda turli mavzularga murojaat qilyapmiz. Masalan, yaqinda bitta mavzuni alohida tanladik. Teatr sahnalarida anchadan beri ustozlar haqidagi spektakllarimiz qo‘yilmagan ekan. Shuning uchun o‘zining butun bilimini, sog‘lig‘ini xalq uchun, farzandlarimiz uchun bergan To‘xtamurod Jumayev haqida “Zamon Avloniysi” nomli spektaklni sahnalashtirdik. Unda ustozlarimizni qay darajada hurmat qilishimiz kerakligi, ular bizga va kerak bo‘lsa, farzandlarimizga ham o‘z umrini baxshida qilib, bilimlari bilan Vatan taraqqiyoti uchun qanday xizmat qilayotganini ko‘rsatishga harakat qildik.

Bugungi tomoshabin haqida gapiradigan bo‘lsak, oxirgi paytlarda teatrga ishtiyoq ancha jonlangan. Sir emas, avvallari tomoshabinlar qiyinchiliklar bilan olib kelinardi. Lekin so‘nggi yillarda ixlosmandlar o‘z xohishlari bilan kelib, “Bugun qanday spektakl qo‘yiladi?", “Qaysi spektaklga oilamiz bilan kelsak bo‘ladi?", "Mazmuni, ma’nosi qanday?" degan savollar bilan murojaat qilishyapti. Bu esa bizni quvontiradi.

Darhaqiqat, bugun jamoamiz faol. Shuning uchun har bir ijod namunasi ommaviy axborot vositalarida keng ko‘lamda targ‘ib etib  borilmoqda.

– Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri 1939 yil tashkil topgan bo‘lsa-da, uning binosi 1943 yilda qurilgan, deydi aktyor Xayrulla Inog‘omov. – Mana shu to‘rt yil davomida teatr jamoasi sayyor truppa bo‘lib, turli hududlar, viloyatlarda gastrol safarlarida bo‘lishgan.

Muqimiy teatri deganda, avvalo, Lutfixonim aya Sarimsoqovani tilga olmasdan ilojimiz yo‘q, chunki u kishi Muqimiy teatrining haqiqiy poydevorini qurgan aktrisa bo‘lgan. Shuningdek, Farog‘at Rahmatova, Mahmudjon G‘ofurov va boshqalarning xizmati ham cheksiz bo‘lgan. Bu san’atkorlar ham ijobiy, ham salbiy rollari bilan qanday spektakllar yaratmadiki, tomoshabinlar uni sidqidildan ko‘rmagan desak. Hattoki ularning spektakllarini ko‘rgach, tomoshabinlar uylariga ariyalar, duetlar aytib borishgan. Biz shu narsalarni eshitganmizki, spektakl ko‘raman, deb kelgan tomoshabinlar teatr eshiklarini sindirib yuborishgan. Negaki, mana shu ulug‘ san’atkorlarning spektakllaridan bahramand bo‘lish ishtiyoqi kuchli bo‘lgan.

Bugungi kunda teatrimizda avvallari qo‘yilgan spektakllar qaytadan tiklangan. Zamon talabiga javob beradigan qilib, sahnalashtirilgan. Deylik, “Sarvqomat dilbarim” spektakli ilgari teatrimizda “Qizil durrali nozik niholim” nomi bilan qo‘yilgan. “Otabek va Kumush” spektakli “O‘tkan kunlar” spektakli nomi bilan qo‘yilgan edi yoki Farhod Musajonovning ikki pardali musiqali komediyasi “Olifta” o‘z vaqtida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shuhrat Rasulov, Naima Po‘latovalar talqinida namoyish etilgan edi.

Bugungi kunda esa ushbu spektakllar zamon talabiga javob beradigan darajada muxlislarga taqdim etib kelinmoqda. Ayniqsa, har bir ishimizda o‘smirlar, ularning bugungi kundagi tarbiyasi, ma’naviyatiga ijobiy ta’sir etuvchi spektakllar qilishimiz lozimligini hisobga olamiz.

Suhbatning to‘liq qismini quyidagi havola orqali ko‘rishingiz mumkin. 

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/PaU1DMcrRHo" title="“Avvallari teatrlarga tomoshabin qiyinchilik bilan olib kelinardi...” – Azim Mullaxonov" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA