Avtotransport vositasi jarima maydoniga qo‘yildi
Majburiy ijro byurosining Qibray tuman bo‘limi tomonidan qarzdor “V. INV." korxonasidan undiruvchi Toshkent viloyat davlat soliq boshqarmasi foydasiga jami 340 mln. 783 ming so‘m soliq qarzi undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati bo‘lim ish yurituviga kelib tushgan. Shu kunning o‘zida ijro ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, qaror nusxasi taraflarga yuborilgan.
Mazkur ijro ishlari bo‘yicha ijro harakatlari davomida, qarzdor “V. INV." korxonasining hisob raqamlariga inkasso topshiriqnomalari qo‘yilgan.
Majburiy ijro harakatlari davomida qarzdor korxonaning nomida 1 dona "Jeep" rusumli avtotransport vositasi mavjudligi aniqlangan bo‘lsada, biroq avtotransport vositasi manzilda yo‘qligi aniqlanib, avtotransport vositasiga qidiruv e’lon qilingan.
Olib borilgan ijro harakatlari natijasida ushbu avtotransport vositasi topilib jarima maydoniga qo‘yildi.
O‘zA