Toshkent shahrida Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan avtotransport vositalariga o‘rnatiladigan gaz ballonlar bo‘yicha yangi axborot-nazorat platformasi taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirda respublika bo‘ylab faoliyat yurituvchi gaz ballon o‘rnatuvchi va sinovdan o‘tkazuvchi tashkilotlar rahbarlari hamda mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Qo‘mita rahbarlarining ta’kidlashicha, platforma joriy etilishi bilan avtotransportlar uchun gaz ballonlar bo‘yicha yagona elektron reyestr yuritish, QR-kod orqali identifikatsiya qilish va elektron pasport shakllantirish imkoniyatlari yaratildi. Shu bilan birga, u mas’ul idoralar axborot tizimlari bilan integratsiyalashtirilib, gaz ballon o‘rnatuvchi tashkilotlarning faoliyati raqamlashtirilmoqda. Sinov jarayonlari fotofiksatsiya qilinib, hujjatlar elektron shaklga o‘tkazilmoqda.

Platforma natijasida avtotransportdagi gaz ballonlar holati SafeRoad va Road24 kabi mobil ilovalar orqali onlayn monitoring qilinishi ham mumkin. Bu esa faoliyatni tezkor, qulay va korrupsiyadan xoli muhitda tashkil etishni ta’minlaydi.
Qo‘mita axborot xizmatiga ko‘ra, hozirgi kunda respublikamizda 3 milliondan ortiq avtotransport vositalariga gaz ballonlar o‘rnatilgan. 300 ga yaqin sinovdan o‘tkazuvchi tashkilotlar faoliyat yuritadi va 4 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi va 20 ga yaqin importyor mavjud.

Taqdimotda platforma imkoniyatlari haqida amaliy misollar ham namoyish etildi. Unda ta’kidlanganidek, qo‘mita bu platforma orqali sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish, axborot texnologiyalarini keng joriy etish va faoliyatni yangi sifat darajasiga olib chiqishni maqsad qilib qo‘ygan.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA