Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida “Xalqaro avtomobil transporti: barqaror rivojlanish va farovonlik sari” xalqaro konferensiyasi o‘z ishini boshladi.
Ўзбекистон Respublikasi Transport vazirligi, Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi (IRU) va O‘zbekiston xalqaro avtomobilda tashuvchilar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan ushbu nufuzli anjumanda mahalliy va xorijlik soha mas’ullari va mutaxassislar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri Ilhom Mahkamov (onlayn), Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi Kunio Mikuriya (video bayonot), O‘zbekiston xalqaro avtomobilda tashuvchilar uyushmasi raisi Sanjar Po‘latov va boshqalar mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlar transport-logistika sohasini rivojlantirish, bu borada xalqaro aloqalarning mustahkamlanishi hamda ichki va tashqi iqtisodiy aloqalar ravnaqida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘z navbatida, transport-logistika tizimini bugungi kun talabi darajasida takomillashtirish muhim va ustuvor vazifalardan sanaladi. Shundan kelib chiqib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan sohaga qaratilayotgan e’tibor qator imkoniyatlarga keng yo‘l ochmoqda. Xususan, mamlakatimiz transport-logistika tizimini jahon standartlariga moslashtirish, xalqaro ahamiyatdagi transport koridorlarining o‘tkazish qobiliyatini oshirish, yangi arzon va qisqa transkontinental tranzit koridorlarini shakllantirish, shuningdek, mintaqa mamlakatlarining jahon transport tizimi bilan o‘zaro uyg‘unlikdagi rivojlanishini ta’minlashga zamin yaratmoqda.
Shuningdek, bunda O‘zbekiston Respublikasining “Transport to‘g‘risida”gi qonuni avtomobil, havo, temir yo‘l, suv va shahar yo‘lovchi transporti faoliyati va hamkorligining huquqiy, iqtisodiy hamda tashkiliy asoslari va tamoyillarini belgilab berishga xizmat qilmoqda. Aynan shu talablardan kelib chiqib, ushbu anjumandan ko‘zlangan maqsad avtotashuvlar sohasida ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash, dunyodagi logistika muammolari avjiga chiqqan vaziyatda avtomobilda yuk tashuvlarini yengillashtirish, bu borada mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish masalalarini muhokama qilish va tegishli takliflarni ishlab chiqishga qaratilgan.
O‘zbekiston xalqaro avtomobilda tashuvchilar uyushmasi raisi Sanjar Po‘latov qayd etganidek, Toshkentda ushbu xalqaro anjuman ikkinchi bor o‘tkazilmoqda. Tadbir tashkilotchilaridan bo‘lgan Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga katta ishonch bildirdi. Shu bois, O‘zbekiston ishtirokchilar uchun muloqot maydoni sifatida tanlandi.
[gallery-13564]
–Quvonarlisi, mazkur tadbirda Xalqaro avtomobil transporti ittifoqining 75 yilligi ham nishonlanmoqda. Unda маҳаллий va xorijlik mutaxassislar mavzu doirasida fikr almashar ekan, O‘zbekistonning transport sohasidagi amalga oshirayotgan islohotlari, bu boradagi natijalar va kelgusi rejalariga ahamiyat qaratdi. Raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, oxirgi besh yilda xalqaro avtotransport tashuvchi korxonalar soni 500 foizga o‘sgan. Avvallari milliy eksport-import xalqaro tashuvlar 32 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozir bu 68 foizga yetdi. Transport sohasida juda katta raqamlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ya’ni, bu xalqaro tashuvlarda ruxsatnomalarni elektron tarzda berish bilan bog‘liqdir, –dedi S.Po‘latov.
Qayd etilganidek, ushbu anjuman 11 ta xalqaro tashkilot hamda 29 ta mamlakatdan 93 ta xorijiy delegatsiya vakillarini bir maqsadga birlashtirdi. Ular orasida tadbir tashkilotchilaridan bo‘lgan Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi ham bor.
O‘z navbatida aytish kerakki, Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi – IRU (The International Road Union) – avtotransport sohasidagi xalqaro tashkilot hisoblanib, 80 ta davlatdan 160 ga yaqin milliy avtotashuvchi uyushmalarni birlashtiradi va Yuklarni avtomobilda xalqaro tashish to‘g‘risidagi bojxona konvensiyasi (Jeneva, 1975 yil) doirasidagi tranzit yuk tashishlarni yengillashtirishga qaratilgan TIR tizimini boshqaradi. Ushbu tashkilotning katta ishonch bildirishi ham mamlakatimiz transport sohasidagi xalqaro aloqalarning mustahkamlanishiga imkoniyat yaratadi. O‘zbekiston 1996 yildan buyon mazkur bojxona konvensiya a’zosi hisoblanadi.
Ruminiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Daniel Kristian Chobanuning so‘ziga ko‘ra, ushbu anjuman transport tizimidagi xalqaro aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
–Ushbu tadbirda ishtirok etganimdan juda mamnunman. Ruminiya uchun O‘zbekiston bilan munosabatlarni barcha sohalarda, jumladan, bugungi kunda eng dolzarb yo‘nalishlardan biri – transport sohasida rivojlantirish juda muhim. Ruminiya Transkaspiy yo‘lagini yaratishni qo‘llab-quvvatlaydi. Keyingi paytlarda O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada oshdi. Aytish joizki, Ruminiyadan O‘zbekistonga eksport hajmi Ozarbayjon, Turkmaniston, Armaniston kabi boshqa davlatlarga qaraganda ancha yuqori. Mamlakatingiz hamkorlikning yaxshi istiqbollariga ega. Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, sheriklik aloqalarini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Shu munosabat bilan ushbu anjumanning o‘zaro fikr almashish va hamkorlikni yanada kengaytirish borasidagi faoliyatini ijobiy baholayman. Ruminiya O‘zbekiston uchun Yevropaga, O‘zbekiston esa biz uchun Markaziy Osiyoga ko‘prik bo‘lishi mumkin. Ruminiya Yevropa Ittifoqi a’zosi sifatida O‘zbekistonning YeI bilan hamkorlikni kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi va buning uchun katta istiqbollar mavjudligiga ishonadi, –dedi elchi janoblari.
O‘zaro do‘stona va manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan anjuman ertaga ham o‘z ishini davom ettiradi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA muxbiri