Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Avtomobilsozlikda mahalliylashtirish dasturi amalga oshirilmoqda
18:37 / 2025-02-04

O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan “ADM Jizzakh” avtomobil ishlab chiqarish zavodiga media-tur tashkil etildi.

Ushbu zavod 2021 yil mart oyida faoliyatini boshlangan bo‘lib, salkam 100 gektar maydonda joylashgan. Mazkur loyiha bir necha bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.  

Birinchi bosqichda avtomobillar yirik uzelli yig‘ish jarayonlarini o‘zlashtirish amalga oshirilib, 2021 yilning mart oyidan hozirga qadar “KIA”, “Lada”, “Renault”, “Chery” brendlari ostida umumiy qiymati 7 trillion 300 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan 33 ming donadan ortiq avtomobil ishlab chiqarildi.

Ishlab chiqarish jarayonlarini to‘liq o‘zlashtirish va avtokomponentlarni mahalliylashtirish loyihaning ikkinchi bosqichi sanaladi. Ya’ni yirik uzelli yig‘ish uslubini o‘zlashtirish bilan bir qatorda kuzovlarni payvandlash va bo‘yash, avtomobillarni yig‘ish va yakuniy sinovdan o‘tkazishdan iborat bo‘lgan ishlab chiqarish jarayonlarini o‘zlashtirgan holda avtomobillarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. “ADM Jizzakh” jamoasining 2030 yilgacha o‘z oldiga qo‘ygan ustuvor vazifalaridan biri  avtomobil ishlab chiqarish hajmini yiliga 300 mingtaga yetkazishga erishishdir.  

Uchinchi bosqichda esa yangi energiya manbalaridan foydalanuvchi avtomobillar ishlab chiqarish uchun yangi avtomobil zavodi qurilishi natijasida o‘z tajriba-konstruktorlik yechimlarini ishlab chiqish va joriy etish uchun zamin yaratiladi.  

Media-tur davomida korxonaga xalqaro “Bureau Veritas” tashkiloti tomonidan  ishlab chiqarish jarayonida sifat menejment tizimlari bo‘yicha xalqaro “ISO – 9001” standarti asosida sertifikat topshirildi.

– “Bureau Veritas Tashkent” MCHJ  Fransiyaning “Bureau Veritas” guruhi tarkibiga kiruvchi kompaniya bo‘lib, u dunyoda mustaqil ekspertiza, nazorat, sinov va sertifikatlashtirish sohasida yetakchi hisoblanadi, – deydi sertifikatlash organi rahbari M.Rasulova. – Kompaniyaning butun dunyo bo‘ylab 1600 dan ortiq ofis va laboratoriyalarida 82 mingdan ortiq xodim faoliyat yuritadi. Ushbu kompaniya tomonidan beriladigan ISO 14001:2015 (ekologik menejment tizimlari) va ISO 50001:2018 (energetik menejment tizimlari) kabi xalqaro standartlar sertifikatlari korxonalarning raqobatbardoshligini oshirish va ularning ekologik mas’uliyatini yaxshilash uchun asos bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda 14 mingga yaqin korxonada xalqaro standart sertifikatlari joriy etilgan. Bu yildan-yilga eksport salohiyati oshirib borilayotganini anglatadi va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar jahon talablariga javob berishida muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston hozir Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish uchun intilmoqda. Mamlakatimiz ushbu tashkilotga a’zo bo‘lgach, ana shu xalqaro standart sertifikatlariga egaligi jahon bozorida raqobatbardosh bo‘lish uchun imkoniyatlarni sezilarli darajada oshiradi.  

Bu ko‘rsatgichni Jizzax viloyati misolida qaraydigan bo‘lsak, bugungi kunda 500 dan ortiq korxona va tashkilotda xalqaro standart sertifikatlari joriy qilingan bo‘lib, joriy yil uchun belgilab berilgan ustuvor vazifa bu ko‘rsatgichni viloyatda yana 100 taga ko‘paytirishdan iboratdir. Bu Jizzax viloyatidagi imkoniyatlarning yanada kengayishi, ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifati oshishini ta’minlaydi, deganidir.

– “ADM Jizzakh” avtomobil zavodida shu bugungi kunda jami 3 ming, yig‘uv seximizda esa 170 kishi doimiy daromadli ish o‘rinlari bilan ta’minlanganini alohida ta’kidlagan bo‘lardim, – deydi ushbu zavod yig‘ish sexi muhandisi Ilhojon Turg‘unov. – Seximizda avtomobillarni tayyor holatga keltirish bo‘yicha ish olib boriladi. Bo‘yoqlash sexidan kuzovni olganimizdan keyin seximizda 3 ta: “trim”, “shossy” va “final” liniya(bo‘lim)larida asosiy ish amalga oshiriladi.  

“Trim” bo‘limida avtomobilning ichki tashqa mayda qismlari yig‘ilib, “shossye” liniyasiga o‘tkaziladi. Unda transport vositasining tashqi detallari: motor, glushitel (tutun chiqaruvchi), harakatlantiruvchi va boshqa tashqi qismlar  o‘rnatiladi.  

Shundan so‘ng, avtomobil “final” liniyasiga o‘tkazilib, bu uchastkada avtomobil o‘rindiqlari, boshqarish ruli va boshqa detallar o‘rnatilib, avtomobil tayyor holatga keltiriladi. So‘ngra sifat bo‘limiga topshiriladi. U yerda har bir qismi to‘liq yig‘ilgan avtomobilning o‘rnatilgan har bir detali chuqur tekshiruvdan o‘tkaziladi. Tayyor holatga keltirilgan har bir avtomobil – avval test, so‘ngra “shovur-test” (suv orqali tekshirish) jarayonlaridan o‘tkaziladi. Shu sinov jarayonlaridan o‘tgan avtomobillar sotuv bo‘limiga topshiriladi.  

Mahalliylashtirish davlat dasturi ijrosi doirasida hozircha avtotransport vositalari uchun zarur bo‘lgan ehtiyot qismlarning 200 donasi o‘zimizda ishlab chiqilgan avtomobil detallarini tashkil etadi. Shu o‘rinda o‘zimizda, asosan, Jizzax va Toshkent shaharlarida ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning ehtiyot qism, ya’ni avto-detallari sifat jihatdan xalqaro talablarga to‘la javob berayotganini va ularda hech qanday uzilishlar bo‘lmasdan o‘z vaqtida yetkazib kelinayotganini ham ta’kidlab o‘tish lozim.

– Zavodimiz 2021 yilning mart oyidan o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lib, ishni xorijdan olib kelingan detallardan “KIA” avtomobillarini yig‘ishdan boshlaganmiz, – deydi “ADM Jizzakh” korxonasida yangi modellarni ishga tushirish loyihasi rahbari B.Parpiyev. – Keyin bu avtomobilning yoniga yangi modellar qo‘shilib, hozirgi paytda “SKD” seximizda 30 ga yaqin avtomobil modellari ishlab chiqarilmoqda. Bundan tashqari, 2024 yildan to‘liq uzelli “SKD” ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Bunda “KIA Sonet” modelini payvandlash, bo‘yoqlash, yig‘uv hamda plastik sexlarini ishga tushirib, o‘tgan 2024 yilda “KIA Sonet” avtomobil modelining 9 ming donasi ishlab chiqarildi.  

Joriy yilning to‘rtinchi choragida “KIA Rio” modelini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz. Hozirgi kunda mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha “KIA” modeli butlovchi qismlarining 33 foizi O‘zbekistonda ishlab chiqarilmoqda. Oldimizda turgan ustuvor vazifamiz ushbu mahalliylashtirish dasturini yanada kengaytirib, 210 turdagi butlovchi qismlarni o‘zimizda ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bu dastur ijrosini yildan-yilga oshirib borish oldimizga qo‘yilgan vazifalarning asosiysidir.  

Bugungi kunda mahsulotlarimizga ichki bozorda talab juda yuqori, lekin yaqin yillarda zavodimizda ishlab chiqarayotgan avtomobillarni eksportga yo‘naltirish ham rejamizda bor.  

Jurnalist va blogerlar ishlab chiqarish zavodida xalqaro standart asosida sifat menejment tizimlari joriy qilinganligi va xalqaro standart asosida ishlab chiqarish jarayonlari yo‘lga qo‘yilganligiga guvoh bo‘ldi va media-tur davomida o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javoblar oldi.  

A.Qayumov, O‘zA muxbiri