English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Avtomobilsozlik – O‘zbekiston sanoatining muhim tarmoqlaridan biri
17:18 / 2025-12-02

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur soha mamlakat YAIMining (2024 yilda) 1,7 foizini (2017 yilda - 0,7 foiz) va sanoat mahsulotlarining 13 foizini (2017 yilda - 3,9 foiz) tashkil qiladi.

2017 yilda ushbu tarmoqda o‘rtacha 34,9 mingga yaqin kishi ish bilan band bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 52,4 ming nafarga yetgan yoki 50 foizga o‘sgan.

2017-2024 yillarda avtomobil ishlab chiqarish hajmi 3,1 baravarga ko‘paydi. 2024 yilda O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoatida yengil avtomobillarni ishlab chiqarish hajmi oshib, 430,1 ming donaga yetib, 4 mingdan ortiq elektromobil ishlab chiqarildi. Shuningdek, 2024 yilda 4160 dona yuk mashinalari va 859 dona avtobuslar ishlab chiqarildi.

Davlat tomonidan olib borilayotgan faol tashqi iqtisodiy siyosat, qo‘shni mamlakatlar bilan savdo aloqalarining rivojlanishi va hamkorlikning mustahkamlanishi natijasida 2017-2024 yillarda avtosanoat sohasi tashqi savdo dinamikasi keskin faollashdi. Xususan, 2017 yilda 150 mln. AQSH dollari atrofida mahsulot eksport qilingan bo‘lsa, 2024 yilda ushbu ko‘rsatkich 738 mln. AQSH dollariga yetdi.

Qo‘yilgan maqsadlarga erishish muntazam faol investitsiya siyosatini amalga oshirishni talab etadi. Shu maqsadda 2017-2024 yillarda umumiy qiymati 2,4 mlrd. dollarlik investitsiyalar amalga oshirilib, bir qator loyihalar ishga tushirildi.  

Xususan, 2019 yilda ISUZU D-Max pikap avtomobili va MAN TGS 40.440 avtosamosvalini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 2022 yilda Chevrolet Tracker-2023 avtomobili va CSS Prime turbo dvigatellari ishlab chiqarilish boshlandi. 2023 yilda BYD kompaniyasi bilan elektromobil ishlab chiqarish bo‘yicha shartnoma imzolandi. 2024 yilda “BYD Uzbekistan Factory” QKda ilk elektromobil ishlab chiqarildi.

Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA