22 sentyabr jahon miqyosida “Avtomobilsiz kun” sifatida nishonlanadi. Bu sana shaharlarda havo ifloslanishini kamaytirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va aholini sog‘lom turmush tarziga chorlash maqsadini ko‘zlaydi.
Tashabbus dunyo bo‘ylab keng qo‘llab-quvvatlanib, turli jamoatchilik va tashkilotlar amaliy harakatlar bilan qatnashadi.
“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati va xodimlari ham tashabbuskorlik ko‘rsatib, mazkur ekologik aksiyada faol ishtirok etdi.

Jamiyatning markaziy apparatida faoliyat yurituvchi ko‘plab xodimlar ish joyiga piyoda, velosiped yoki jamoat transportlaridan foydalanib kelishdi.
Bunday tashabbus nafaqat atrof-muhit muhofazasiga, balki jismoniy faollikni oshirishga ham xizmat qiladi. Xodimlar bu kunni sog‘lom hayot tarzi, ekologik madaniyat va jamoaviy mas’uliyat haqida o‘ylash uchun yana bir imkoniyat sifatida qabul qildilar.

Jamiyat rahbariyati ushbu tadbirni joriy yilda ilk bor tashkil etgan bo‘lsa-da, uni kelgusida har yili an’anaviy tarzda o‘tkazish niyatida. Tashkilot ekologik barqarorlik va ijtimoiy mas’uliyat masalalariga doimiy e’tibor qaratib keladi hamda bu kabi tashabbuslar uning korporativ madaniyatida muhim o‘rin tutadi.
–“O‘zkimyosanoat”da ekologik barqarorlik va ijtimoiy mas’uliyat doimiy ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. “Avtomobilsiz kun”da ishtirok etish tufayli biz nafaqat atrof-muhit muhofazasiga hissa qo‘shamiz, balki jamoada sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga ham alohida e’tibor qaratamiz. Bu kabi tashabbuslarni biz kelgusida ham an’anaviy tarzda davom ettiramiz, – dedi jamiyat axborot xizmati rahbari Hojiakbar To‘laganov.
N.Ziyodullayeva, O‘zA