Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Toshkent viloyati bo‘limi tomonidan “Qibray tuman yo‘llardan foydalanish” davlat muassasasida navbatdagi davlat nazorati tadbirlari o‘tkazildi.
Nazorat jarayonida muassasada foydalanilayotgan jami 30 ta o‘lchash vositasi ko‘zdan kechirildi. O‘lchash vositasi – bu o‘lchash ishlari uchun mo‘ljallangan, metrologik talablarni qanoatlantiruvchi texnik vosita hisoblanadi.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, 27 ta o‘lchash vositasi belgilangan metrologik tekshiruvdan o‘tkazilmagani aniqlandi. Metrologik tekshiruv esa o‘lchash vositasining texnik va amaliy jihatdan belgilangan talablar asosida muvofiqligini aniqlash va tasdiqlash jarayonidir.

Ushbu holatlar O‘zbekiston Respublikasining “Metrologiya to‘g‘risida”gi qonunining 16-moddasi talablari buzilganini ko‘rsatadi. Mazkur modda metrologik tekshiruvdan o‘tgan o‘lchash vositalaridan foydalanishni majburiy deb belgilaydi.Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, qonun talablari buzilgani sababli muassasa rahbariga nisbatan ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llanildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA