Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Avtomobil yo‘llarida harakat xavfsizligi yo‘llar ravonligiga ham bog‘liq
14:32 / 2024-04-16

Bahorgi yog‘ingarchiliklar mavsumi yo‘lsozlar zimmasiga yanada mas’uliyat yuklaydi. Chunki tinimsiz yog‘ayotgan yomg‘irlar asfalt qoplamasini tezda sifatsiz va yaroqsiz holatga kelib qolishiga sabab bo‘ladi. Shu boisdan, yo‘llarda bahorgi saqlash ishlarini olib borishda avtomobil yo‘llarini to‘planib qolgan yomg‘ir va sel suvlaridan tozalash, ta’mirlash ishlarini olib borish muhim ahamiyatga ega.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, respublikamizning barcha hududlarida “Biz avtomobil yo‘llari tarmog‘ining soz holatda saqlanishi tarafdorimiz” shiori ostida nazorat oyligi tadbirlari tashkil etildi.  

Avtomobil yo‘llarida harakat xavfsizligi yo‘llar ravonligiga ham bog‘liq. Ayniqsa, serqatnov yo‘llar tez ta’mirtalab bo‘lib qoladi. A380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘li xalqaro ahamiyatdagi yo‘l bo‘lib, harakat jadalligi yuqori hisoblanadi. Ayni paytda ushbu yo‘lning 223–224- kilometrida Buxoro viloyati Yo‘llardan muntazam foydalanish davlat muassasasi tomonidan joriy ta’mirlash — asfaltlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.  

Shuningdek, Surxondaryo viloyatining barcha tumanlari va Termiz shahri hududidagi umumfoydalanuvdagi avtomobil yo‘llarida ham joriy ta’mirlash va saqlash ishlari belgilangan rejaga ko‘ra, izchillik bilan davom ettirilmoqda. Xususan, Termiz shahrining Ibn Sino va Sulton Saodat ko‘chalarini bog‘lovchi Alisher Navoiy ko‘chasining 1,3—2-kilometrlarida to‘la ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Ishlar uchta bo‘linmada bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Ayni kunlarda mazkur ko‘chada asfalt yotqizish ishlari olib borilmoqda. Ushbu to‘la ta’mirlash obyekti Prezidentimizning 2022-yil 30-dekabrdagi tegishli qaroriga asosan joriy yilgi yo‘l ishlari dasturiga kiritilgan. Bu yerda qurilish ishlari o‘tgan 2021-yilda boshlangan bo‘lib, rejaga ko‘ra, bu yo‘lning eni 24 metr va 6 tasmali bo‘lishi belgilangan.  

Sirdaryo viloyati Yo‘llardan muntazam foydalanish korxonasi davlat muassasasi ishchi-xodimlari tomonidan xalqaro ahamiyatdagi M34 “Toshkent—Dushanbe” avtomobil yo‘lining 82-kilometrida yo‘l harakati qatnashchilarining hushyorligini oshirish maqsadida miltillovchi mayoqcha (migalka) o‘rnatish ishlari bajarilmoqda. Sirdaryo viloyati Yo‘llardan muntazam foydalanish davlat muassasasi ishchi-xodimlari tomonidan xalqaro ahamiyatdagi M34 “Toshkent—Dushanbe” avtomobil yo‘lining 87—104-kilometrlari oralig‘ida harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida yetishmayotgan yo‘l belgilarini o‘rnatish va qiyshayganlarini to‘g‘irlash ishlari amalga oshirildi.  

Farg‘ona viloyatida jami 19 941,5 km avtomobil yo‘llari mavjud bo‘lib, shuning 4 ming 22 kilometri Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi tasarrufidagi yo‘llar hisoblanadi. 2024-yilda 2318,9 km yo‘llar va 8 ta ko‘prikda 739,8 milliard so‘mlik qurilish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 271,8 km yo‘llarni va 2 ta ko‘prikni ta’mirlash ishlari uchun 186,8 milliard  so‘m mablag‘ ajratildi.  

Navoiy viloyati Xatirchi tumani hududidan o‘tgan umumfoydalanuv avtomobil yo‘llarida haydovchilarga qulaylik yaratish hamda baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida tuman Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi xodimlari tomonidan yo‘llardagi yuzaga kelgan chuqurlarni yamash va asfaltlash ishlari olib borilmoqda.  

Xalqaro ahamiyatga ega A373 “Guliston—Bo‘ka—Angren— Qo‘qon va Andijon orqali O‘sh” avtomobil yo‘lining 28—29-kilometrlari oralig‘idagi yo‘l belgilari to‘g‘irlandi. Mazkur avtomobil yo‘lining 36—14-kilometrlari oralig‘idagi ko‘priklarda oqlash-qoralash ishlari bajarildi. Xalqaro ahamiyatga ega M34 “Toshkent—Dushanbe” avtomobil yo‘lining 72—80-kilometri oralig‘ida yig‘ilgan chiqindilar maxsus texnika yordamida tozalandi.  

4R91G avtomobil yo‘li Buxoro shahrining asosiy ko‘chalaridan o‘tuvchi umumfoydalanuvdagi yo‘l hisoblanadi. Romitan Yo‘llardan muntazam foydalanish davlat muassasasi tomonidan yo‘lning 0—2-kilometrlar qismida asfalt yotqizgich (ukladchik) yordamida kartasimon ta’mirlash ishlari bajarildi. Ushbu ta’mirlash ishlariga 540 tonna asfalt sarflandi.  

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA